Inson salomatligi — bebaho boylik. Uni asrashda sifatli dori vositalari va malakali tibbiy xizmat muhim o‘rin tutadi. Shu bois dorixonadan dori xarid qilayotgan yoki tibbiyot muassasasiga murojaat qilayotgan har bir fuqaro o‘z huquqlarini bilishi, sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi zarur.
O‘zbekistonda ushbu munosabatlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida” hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjatlar iste’molchining axborot olish, xavfsiz mahsulot va sifatli xizmatdan foydalanish, buzilgan huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini belgilaydi.
Avvalo, iste’molchi xarid qilayotgan dori vositasi va ko‘rsatilayotgan xizmat haqida to‘g‘ri, tushunarli ma’lumot olish huquqiga ega. Dori xaridida uning nomi, ishlab chiqaruvchisi, yaroqlilik muddati, saqlash sharoiti, qo‘llash tartibi va narxiga e’tibor qaratish muhim. Tibbiy xizmatdan foydalanishda esa xizmat mazmuni, qiymati va to‘lov shartlari oldindan aniqlashtirilishi lozim. Bu ma’lumotlar iste’molchiga ongli tanlov qilishga yordam beradi.
Dori vositalarini tegishli litsenziyaga ega dorixonalardan xarid qilish xavfsizlikning muhim shartidir. Qonunchilikda sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalarini chakana sotish hamda ulardan foydalanish taqiqlangan. Shuning uchun qadoqning butunligi, undagi ma’lumotlarning aniqligi va yaroqlilik muddatini tekshirish, shubha tug‘ilganda farmatsevtga murojaat qilish tavsiya etiladi. Xarid chekini saqlash esa keyinchalik e’tiroz bildirishda muhim dalil bo‘lishi mumkin.
Tibbiy yordam olayotgan fuqaro bemor sifatida ham qonun bilan himoyalangan. U hurmat va insoniy munosabat ko‘rsatilishini, sanitariya-gigiyena talablariga mos sharoitda yordam olishini talab qilishga haqli. Shuningdek, bemor o‘z tashxisi, tekshiruv natijalari, davolash usullari, ularning ehtimoliy xavflari va kutilayotgan natijalari haqida ma’lumot olish huquqiga ega. Tibbiy aralashuv, qoida tariqasida, xabardor qilingan holdagi ixtiyoriy rozilik asosida amalga oshiriladi. Qonunda belgilangan istisnolardan tashqari, bemor uni rad etishi ham mumkin. Bemorning sog‘lig‘i va davolanishiga oid ma’lumotlar shifokor siri sifatida muhofaza qilinadi.
Huquqlardan foydalanish mas’uliyatni ham talab qiladi. Bemor tibbiyot muassasasining qonuniy ichki tartib-qoidalariga, sanitariya talablariga rioya etishi, boshqa bemorlar va tibbiyot xodimlarining huquqlarini hurmat qilishi kerak. Pulli xizmatlarda kelishilgan shartnoma shartlarini bajarish ham muhim. Shifokorga mavjud kasalliklar, allergiyalar va qabul qilinayotgan dorilar haqida to‘liq ma’lumot berish esa xavfsiz davolanishga xizmat qiladi.
Dorini belgilangan miqdor va vaqtda qabul qilish, saqlash yo‘riqnomasiga amal qilish ham iste’molchining kundalik mas’uliyatidir. Davolash tartibini o‘zgartirish yoki dorini boshqa vosita bilan almashtirish zarurati tug‘ilsa, buni shifokor bilan kelishish maqsadga muvofiq. Tushunarsiz tavsiya yuzasidan savol berish, qo‘shimcha izoh so‘rash bemorning davolanish jarayonida faol ishtirok etishiga yordam beradi.
Sifatsiz mahsulot yoki lozim darajada ko‘rsatilmagan xizmat aniqlansa, iste’molchi qonunda nazarda tutilgan talablarni qo‘yishi, yetkazilgan zararning qoplanishini so‘rashi mumkin. Buning uchun dorixona yoki tibbiyot muassasasi rahbariyatiga yozma murojaat qilish, zaruratga qarab vakolatli davlat organlari yoxud sudga murojaat etish mumkin. Chek, shartnoma, retsept, tekshiruv xulosalari va boshqa tegishli hujjatlarni saqlash murojaatning asosli ko‘rib chiqilishiga yordam beradi.
Salomatlikka daxldor har bir qaror e’tibor va mas’uliyatni talab etadi. O‘z huquqlarini biladigan, zarur ma’lumotlarni so‘raydigan va davolanishga ongli yondashadigan iste’molchi sog‘lig‘ini himoya qilishda faol ishtirok etadi.
























