Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda tumanda aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash, ularning muammolariga amaliy yechim topish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Yaqinda Uzun tumani "Yangi shahar" mahallasi, Bahori ko‘chasida yashovchi fuqaro Xosiyat Jo‘rayeva tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda mustaqil harakatlana olmaydigan farzandi Hasan Abdurasulov uchun nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Mazkur murojaat e'tibordan chetda qoldirilmadi. Tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari hamda Uzun tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari hamkorligida fuqaroning xonadoniga borilib, holat joyida o‘rganildi. O‘rganish davomida Hasan Abdurasulovning sog‘lig‘i va kundalik hayot faoliyatini inobatga olgan holda uning zamonaviy elektron nogironlik aravachasiga ehtiyoji mavjudligi tasdiqlandi.
Shundan so‘ng fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rildi hamda tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan qiymati 8 000 000 (sakkiz million) so‘mlik elektron, o‘zi mustaqil harakatlana oladigan zamonaviy nogironlik aravachasi Hasan Abdurasulovga tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur amaliy ko‘mak nafaqat bir oilaning muammosini yengillashtirdi, balki nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifatini yaxshilash, ularning erkin harakatlanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga xizmat qiladigan muhim ezgu ish bo‘ldi.
Bugungi kunda aholi murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda inson manfaatlarini ustuvor qadriyat sifatida e'tirof etish davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning muammolarini o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan bunday xayrli ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Zero, inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat va hamjihatlik ustuvor bo‘lgan jamiyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidagi eng muhim qadriyatlardan biridir.
Ehtiyojmand oilaga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi
- Информация о материале
- Автор: Surxondaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 19
























