Hozirgi vaqtda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro G.Aminovaning murojaati amaliy yechimini topdi.
Fuqaro G.Aminova To‘rtko‘l tumanida joylashgan "I" do‘konidan muddatli to‘lov asosida oylik to‘lovi 253.500 so‘mdan to‘lanishi lozim bo‘lgan muddati 24 oyga bo‘lib to‘lash asosida havo sovutgich (konditsioner) sotib olgan. Biroq, konditsioner o‘rnatilib, ishga tushirib ko‘rilganda umuman yonmagan va nosoz bo‘lib chiqqan. Do‘kon xodimlari yordam berish o‘rniga, servis xodimlarining to‘lov xarajatlarini (yo‘l haqi va boshqalarni) fuqaroning o‘zi qoplashi kerakligini aytishgan.
Ushbu holat bo‘yicha fuqaro Ellikqal’a tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Jamiyat rahbari U.Aminov va mas’ul shaxslar tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 13 va 14-moddalari talablari tushuntirildi.
Amaliy o‘rganishlar natijasida nosoz konditsioner ko‘rib chiqildi va
fuqaroning huquqlari to‘liq tiklanib, nuqsonli tovar yangisi va sifatiga almashtirib berildi.
Fuqaro ko‘rsatilgan amaliy yordam va himoya uchun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Eslatma: Agar sizda ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 95 (601-10-91) ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.
























