Yozning jazirama kunlarida farzandlari uchun mini basseyn xarid qilgan gulistonlik fuqaro kutilmagan muammoga duch keldi. Mahsulotni uyda tekshirayotgan paytda qadog‘ida nuqson borligi aniqlanib, uni do‘konga qaytargan xaridor sotuvchidan rad javobini oldi. Masala esa iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot aralashuvidan so‘ng ijobiy hal etildi.
Gap shundaki, Guliston tumani "Mevazor" mahallasida yashovchi fuqaro I.X. 2026-yil 17-iyul kuni shahar markazidagi savdo do‘konidan mini basseyn sotib olgan. Mahsulotni ishlatishdan oldin tekshirish chog‘ida qadog‘iga zarar yetgani sababli uni qaytarishga qaror qilgan. Biroq sotuvchi mahsulotni qaytarib olish yoki almashtirishdan bosh tortgan. Vaziyatni yanada murakkablashtirgani esa xarid chekida ko‘rsatilgan mahsulot nomi bilan asl mahsulot nomi o‘rtasidagi tafovut bo‘lgan.
Shundan so‘ng fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining ishonch raqami orqali murojaat qilgan.
Murojaat asosida mutaxassislar savdo do‘koni rahbari bilan o‘rganish va tushuntirish ishlarini olib bordi. Sotuvchiga amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchining huquqlari ta’minlanishi, mahsulot sifatlisiga almashtirilishi yoki to‘langan mablag‘ qaytarilishi lozimligi tushuntirildi.
Natijada tomonlar o‘rtasidagi nizoga yechim topildi. Xaridorga mini basseyn uchun to‘lagan puli to‘liq qaytarildi va murojaat ijobiy hal etildi.
Bu holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchi o‘z huquqlarini bilsa va qonuniy tartibda murojaat qilsa, muammoga yechim topish mumkin. Eng muhimi, xarid cheki va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni saqlab qo‘yish keyinchalik o‘z huquqingizni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulistonda nuqsonli mini basseyn sotilgan xaridorga puli to‘liq qaytaril.
- Информация о материале
- Автор: Sirdaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 5
























