Ayni damda O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hisobot yig'ilishi bo'lib o'tmoqda. Yig'ilishga Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov boshchilik qilmoqda va unda Toshkent shahar boshqarmasi mas'ullari, shuningdek, hududiy studiyalardan Federatsiyaning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar boshqarma mutasaddilari ishtirok etmoqda.
Muloqotda tizim faoliyati samaradorligi tanqidiy tahlil qilinib, asosiy e’tibor aholi murojaatlari bilan ishlash holati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish natijalari hamda mavjud kamchiliklarga qaratildi. Hisobot davrida 4 mingdan ortiq murojaat kelib tushib, ularning asosiy qismi ijobiy hal etilgani va iste’molchilar foydasiga katta miqdorda mablag‘lar qayta hisob-kitob qilingani qayd etildi, shuningdek sudlar orqali ham zararlar undirib berilgani ta’kidlandi. Biroq ayrim hududlarda murojaatlar qabul qilish, sud ishlari olib borish va targ‘ibot ishlarini tashkil etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani keskin tanqid qilindi.
Muhokamalar davomida tizimdagi asosiy muammo faoliyatning natijaga emas, jarayonga yo‘naltirilgani, murojaatlar tahlili yetarli emasligi, raqamlashtirish va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samarali ishlamayotgani bilan izohlandi. Shuningdek, hududlar o‘rtasida ish samaradorligida katta tafovut mavjudligi, kadrlar salohiyati va axborot siyosati yetarli darajada emasligi alohida qayd etildi. Yig‘ilishda kelgusi vazifalar sifatida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, murojaatlar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqish, yagona raqamli platforma joriy etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va xalqaro tajribani keng joriy etish zarurligi belgilandi.
























