Denov tumanida fuqaroning mobil telefon xaridi bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish borasida Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Denov tumani “Surxon Diyor” MFY, Orol ko‘chasi, 31-uyda yashovchi fuqaro T. Nurlixonova tomonidan yo‘llangan.
Fuqaro 2026-yil 11-sentabr kuni jamiyatga murojaat qilib, Sharq City yerto‘lasida joylashgan telefon savdo majmuasidan iPhone 16 Pro Max rusumli telefonni 12 000 000 so‘mga xarid qilganini bildirgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida xarid qilingan telefonning ro‘yxatdan o‘tmaganligi hamda unda nuqson mavjudligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan savdo majmuasi sotuvchisiga amaldagi qonunchilik talablari doirasida tegishli tushuntirishlar berildi.
O‘rganish natijasida telefonni iste’molchi T. Nurlixonovaning o‘z nomiga rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi. Shu tariqa, fuqaroning murojaati yuzasidan tegishli tartibda ish olib borildi.
Mazkur holat mobil qurilmalarni xarid qilishda ularning ro‘yxatdan o‘tganligi, texnik holati va boshqa zarur jihatlariga e’tibor qaratish muhimligini ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida! Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
























