Buxoro shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Osiyo xalqaro universitetida “Iste’mol madaniyati va iste’molchining asosiy huquqlari” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba-yoshlarning iste’molchi sifatidagi huquqiy bilimlarini oshirish, ularda oqilona xarid qilish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda kundalik hayotda uchraydigan muammoli vaziyatlarda o‘z huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilish tartibini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati, iste’molchining tovar, ish va xizmatlar haqida to‘liq hamda haqqoniy ma’lumot olish, ularni erkin tanlash, sifatli va xavfsiz mahsulot xarid qilish, yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararning qoplanishini talab qilish kabi asosiy huquqlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mahsulot xarid qilishda uning sifati, yaroqlilik muddati, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, saqlash sharoitlari va muvofiqlik belgilariga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida chek va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni olish hamda saqlash iste’molchi huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega ekani tushuntirildi.
Seminarda elektron savdo, onlayn xaridlar, bank va maishiy xizmatlardan foydalanishda uchraydigan muammolar, sifatsiz mahsulotni almashtirish yoki qaytarish tartibi, shuningdek, huquqlar buzilgan taqdirda sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki vakolatli idoralarga murojaat qilish mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, hayotiy misollar asosida tegishli tavsiya va tushuntirishlar oldilar. Savol-javob va ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan seminar talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qildi.
ISTE’MOL MADANIYATI VA ISTE’MOLCHINING ASOSIY HUQUQLARI TARG‘IB ETILDI
- Информация о материале
- Автор: Buxoro viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 9
























