Выберите язык

Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortib borayotgan sharoitda yangi qurilayotgan turar-joy ob'ektlaridan xonadon xarid qilish maqsadida qurilish tashkilotlari bilan tuzilayotgan shartnomalar soni ham izchil ko‘paymoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim hollarda quruvchi tashkilotlar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni to‘liq va belgilangan muddatlarda bajarmaydi. Bu esa iste'molchilarning mulkiy huquqlarini amalga oshirishda jiddiy muammolar keltirib chiqaradi, ularni uy-joyni o‘z vaqtida qabul qilib olish imkoniyatidan mahrum etadi va uzoq muddat davomida sarsonlikka duchor qiladi.

Shunday holatlardan biri Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.I. bilan yuz bergan. Hujjatlarga ko‘ra, u 2024 yil 26 avgust kuni “NEW MODERN HOUSE I” MChJ bilan ulushdorlik shartnomasini tuzgan. Shartnomaga asosan, iste'molchi Yashnobod tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joydan umumiy maydoni 54 kv.m bo‘lgan ikki xonali xonadon xarid qilib, 378 million so‘mni to‘liq to‘lagan.
Shartnomaga muvofiq, ob'ekt 2025 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi, xonadonda ichki devorlari, kirish eshigi, tashqi derazalar, gaz, suv va elektr hisoblagichlari hamda ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilishi lozim edi. Shuningdek, mulk huquqini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar tayyorlanishi ham shartnoma bilan belgilangan.

Biroq quruvchi tashkilot mazkur majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmagan. Ob'ektni topshirish muddati 154 kunga kechiktirilgan, mulk huquqini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar ham taqdim etilmagan. Fuqaro quruvchi rahbariyatiga yozma e'tiroznoma yo‘llagan bo‘lsa-da, qonunchilikda belgilangan muddat o‘tishiga qaramay, talablar bajarilmagan. Shu bois iste'molchi o‘z huquqini O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi orqali himoya qilishga majbur bo‘ldi.

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fuqaro M.I. manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo ariza kiritdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi ishni har tomonlama o‘rganib, iste'molchining o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganini, quruvchi esa shartnoma shartlarini buzganini aniqladi. Sud qaroriga ko‘ra, 189 million so‘m penya iste'molchi foydasiga undirilishi belgilandi. Shuningdek, javobgar zimmasiga 41 200 so‘m pochta xarajati, 7 million 560 ming so‘m davlat boji yuklatildi.

Mazkur holat iste'molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda muammolarni amaliy yechimlar orqali bartaraf etish yo‘nalishida olib borilayotgan tizimli ishlar samaradorligining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

A.Salayev,
Federatsiya Markaziy ijro etuvchi apparatining Huquqiy himoya va murojaatlar bilan ishlash sho‘basi inspektori.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening