Выберите язык

Uy-joy sotib olish — inson hayotidagi eng muhim va katta moliyaviy qarorlardan biri. Ayniqsa, qurilayotgan ob'ektga mablag‘ kiritgan fuqaro quruvchi tashkilotning shartnomada belgilangan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishiga ishonadi. Biroq ayrim holatlarda qurilish muddatlarining kechikishi iste'molchining uzoq vaqt davomida o‘z mulkini qabul qilib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shunday holatlardan biri fuqaro S.Doniyorov bilan sodir bo‘ldi. Uning manfaatlarini ko‘zlab O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi sudga murojaat qildi.

Hujjatlarga ko‘ra, fuqaro 2024 yil 13 may kuni “HI-TECH PROJECT BUILDINGS” MChJ bilan turar-joy qurish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Shartnoma asosida Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan, umumiy qurilish maydoni taxminan 380 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli kottej qurilishi belgilangan.

Shartnomaning umumiy qiymati 1 milliard 524 million so‘m etib belgilangan. Fuqaro shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasidagi majburiyatlarni bajarib, qurilish qiymatining 75 foizi — 1 milliard 143 million so‘m mablag‘ni oldindan to‘lagan.

Shartnomaga ko‘ra, quruvchi ob'ektni 2024 yil 31 dekabrga qadar yakunlab, iste'molchiga topshirishi lozim edi. Shuningdek, investor o‘z majburiyatlarini bajarganidan keyin mulk huquqini keyinchalik rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlarni taqdim etish bilan bog‘liq majburiyatlar ham belgilangan.

Biroq shartnomada belgilangan muddat o‘tgan bo‘lsa-da, qurilish ob'ekti o‘z vaqtida topshirilmagan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, da'vo arizasi sudga kiritilgan vaqtgacha, ya'ni 2024 yil 31 dekabrdan 2026 yil 27 iyulgacha 573 kun davomida majburiyat bajarilmagan.

Bunday vaziyatda fuqaro o‘z huquqlarini mustaqil himoya qilish bilan cheklanib qolmadi. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi uning qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo arizasi kiritdi.

Da'voda quruvchi tashkilotdan shartnomada nazarda tutilgan penyani undirish, shuningdek, ob'ektni topshirish va mulk huquqini rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlarni taqdim etish majburiyatini yuklash so‘ralgan.

Shartnomaning 4.3-bandiga ko‘ra, ob'ektni topshirish muddati buzilgan taqdirda quruvchi har bir kechiktirilgan kun uchun investisiya badali summasining 0,01 foizi miqdorida penya to‘lashi belgilangan. Shu bilan birga, penyaning umumiy miqdori bajarilmagan majburiyatlar summasining 10 foizidan oshmasligi nazarda tutilgan.

Federatsiya tomonidan iste'molchi manfaatida 114 million 300 ming so‘m penya undirish so‘ralgan bo‘lsa-da, sud shartnoma shartlari va hisob-kitoblarni har tomonlama baholadi.

Sudning aniqlashicha, penyaning umumiy miqdori 10 foizlik cheklovdan oshmasligi lozim. Bajarilmagan majburiyat summasi 381 million so‘m deb baholanib, uning 10 foizi 38 million 100 ming so‘mni tashkil etgan. Shu sababli da'vo ushbu qismda qisman qanoatlantirildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2026 yil 11 avgustda qabul qilingan hal qiluv qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining fuqaro S.Doniyorov manfaatida kiritgan da'vo arizasi qisman qanoatlantirildi.

Sud qaroriga asosan:

— “HI-TECH PROJECT BUILDINGS” MChJdan iste'molchi foydasiga 38 million 100 ming so‘m penya;

— 41 ming 200 so‘m pochta xarajatlari undirildi;

— javobgardan davlat foydasiga 1 million 524 ming so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, sud qurilish ob'ekti hali yakunlanmagani va davlat foydalanishiga qabul qilinmaganini inobatga olib, ob'ektni topshirish hamda mulk huquqini rasmiylashtirish uchun hujjatlarni taqdim etish majburiyatini yuklash haqidagi talabni qanoatlantirishni rad qildi.

Mazkur holat bir muhim haqiqatni yana bir bor ko‘rsatadi: iste'molchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, tadbirkor yoki xizmat ko‘rsatuvchi ham o‘z zimmasidagi majburiyatlarga mas'uliyat bilan yondashishi shart.

Shartnomada belgilangan muddatlar, taraflarning huquq va majburiyatlari hamda majburiyat bajarilmagan taqdirda qo‘llaniladigan javobgarlik choralari — huquqiy munosabatlarning muhim kafolatidir.

Fuqaro S.Doniyorovning holatida Federatsiya uning manfaatlarini sudda himoya qilib, shartnoma shartlarining buzilishi bilan bog‘liq masalani huquqiy yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashdi.

Iste'molchi o‘z huquqini bilsa — uni himoya qila oladi. Huquq buzilganda esa, uni tiklash uchun qonun tomonidan belgilangan huquqiy mexanizmlardan foydalanish muhim.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening