Fuqarolar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga faqat sifatsiz mahsulotni almashtirish, pulini qaytarish yoki ko‘rsatilgan xizmatdan norozi bo‘lgan holdagina murojaat qilmaydi. Bunga Beshariq tumanida yashovchi fuqaro A. A.ning murojaati ham misol bo‘la oladi. U maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati uchun belgilangan tarif miqdori, chiqindilarni olib ketish grafiklari va boshqa savollari bilan tuman jamiyatiga murojaat qilib, huquqiy tushuntirish so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaroga aholiga ko‘rsatilayotgan maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmati uchun tariflar o‘zgargani, yangi tariflar 1 iyuldan amalga kiritilgani, bu borada tegishli qaror qabul qilingani va aholiga xabar berilgani tushuntirildi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish tartibi va tasdiqlangan grafik bo‘yicha ham ma'lumotlar taqdim etildi.
Mazkur holat iste'molchi huquqlarini himoya qilish — faqat buzilgan huquqni tiklash emas, balki fuqaroning o‘z huquq va majburiyatlarini bilishiga ko‘maklashish borasida ish olib borishning ham muhimligini ko‘rsatadi. Tarif, shartnoma, xizmat ko‘rsatish tartibi yoki boshqa iste'molchilik masalalari bo‘yicha savol tug‘ilsa, fuqaro iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilib, amaldagi tartib va qonunchilik talablari yuzasidan huquqiy tushuntirish olishi mumkin.
Huquqni bilish — uni himoya qilishning birinchi qadami. Mazkur murojaat esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining aholi uchun nafaqat muammoni hal etuvchi, balki huquqiy maslahat va tushuntirish beruvchi muhim tayanch ekanini ham ko‘rsatadi.
























