O‘zbekistonda iste'molchilar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, ularni amaldagi qonunchilik bilan tanishtirish va huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari izchil ravishda olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Farg‘ona viloyatidagi tizim tashkilotlari tomonidan hududlardagi turli korxona, tashkilot va muassasalarda aholi va ishchi-xodimlar ishtirokida targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar tegishli ravishda Federatsiyaning Quvasoy, Rishton va Beshariq tuman jamiyatlari tomonidan tashkillanib, ularning doirasida:
- Quvasoy shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan 21-son davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida;
- Rishton tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan 44-son oilaviy poliklinikada;
- Beshariq tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan 23-son umumta'lim maktabida ishchi-xodimlar bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilarga iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi amaldagi qonunchilik, xususan, tovar va xizmatlar sifati, shartnomaviy munosabatlar, iste'molchilarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, huquqlari buzilgan holatlarda murojaat qilish tartibi haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, muloqotlar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan huquqiy asoslangan javoblar qaytarilib, amaliyotda uchrayotgan muammolar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, bunday targ‘ibot tadbirlari aholining huquqiy bilimini oshirish, iste'molchilarning o‘z huquqlarini yaxshi anglashi va himoya qila olish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa o‘z navbatida, bozor munosabatlarida adolatlilik va shaffoflikni ta'minlashga xizmat qiladi.
























