Iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, ularning murojaatlariga amaliy yechim topish hamda xizmat va mahsulotlar sifati bilan bog‘liq nizolarni qonunchilik doirasida hal etish Federatsiya tizimining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Navbatdagi murojaat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, salmoqli miqdordagi zarar bartaraf etildi.
Jumladan, Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro H. A. tomonidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushdi. Murojaatda fuqaro “ALPHA-MEBEL” MChJ tomonidan tayyorlab o‘rnatilgan oshxona mebeli, xususan stol qoplamasi sifati yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Mazkur murojaat Yunusobod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganishlar davomida korxona rahbariyatiga tegishli tartibda murojaat etilib, holat yuzasidan tushuntirish va ma’lumotlar olindi. Aniqlanishicha, oshxona mebeliga o‘rnatilgan stol qoplamasi materiali bilan bog‘liq muammo mavjud bo‘lib, ushbu mahsulot tayyorlangan material ishlab chiqarilishi to'xtatilganligi sababli avvalgi ko‘rinishdagi mahsulotni qayta tayyorlash imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Shundan so‘ng iste’molchi manfaatlarini ta’minlash hamda masalani o‘zaro kelishuv asosida hal etish maqsadida korxona vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Muzokaralar natijasida fuqaro bilan kelishilgan holda stol qoplamasi boshqa turdagi, sifat jihatidan yaxshilangan yangi mahsulotga almashtirib berish bo‘yicha qarorga kelindi. Yangi o'rnatilgan stol qoplamasining qiymati 18 million 512 ming so'mni tashkil etadi va barcha harajatlar korxona hisobidan qoplanishi belgilandi.
Natijada iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning manfaatlari to‘liq ta’minlandi. Ushbu holat iste’molchilar murojaatlarini sinchkovlik bilan o‘rganish, tadbirkorlik subyektlari bilan konstruktiv muloqot olib borish hamda nizolarni sudgacha hal etish orqali fuqarolarning huquqlarini samarali himoya qilish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.
Iste'molchi manfaati himoya qilinib, 18.5 million so'mlik muammo bartaraf etildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 68
























