Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish hamda yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilning 27-avgust kuni Toshkent shahar hududiy birlashmasiga Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.S. tomonidan Federatsiyaning ishonch telefoni orqali murojaat kelib tushdi.
Murojaatda iste’molchi Toshkent shahrining Uchtepa tumanida faoliyat yurituvchi savdo do‘konidan Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali Huawei K662C rusumli internet routerini 1 480 000 so‘m evaziga xarid qilganini ma’lum qilgan. Biroq qurilmadan foydalanish jarayonida internet qamrovi va signal uzatish masofasi kutilgan natijani bermagani sababli mahsulotdan ko‘zlangan maqsadda foydalanish imkoniyati cheklanganini bildirgan.
Shu munosabat bilan iste’molchi sotuvchiga murojaat qilib, mahsulotni qaytarib olish yoki boshqa mos qurilmaga almashtirishni so‘ragan. Ammo sotuvchi tomonidan murojaat qanoatlantirilmagani sababli fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Federatsiyaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida sotuvchi bilan muloqot o‘tkazilib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid amaldagi qonunchilik talablari va mahsulot sifati hamda iste’molchi manfaatlarini ta’minlash yuzasidan belgilangan me’yorlar tushuntirildi.
Ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi. Xususan, xarid qilingan Huawei K662C internet routeri iste’molchining ehtiyojlariga mos keluvchi boshqa qurilmaga almashtirib berildi.
Mazkur holat iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlariga tezkor va samarali munosabat bildirish hamda yuzaga kelgan muammolarni qonuniy asosda hal etish borasida olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
Iste’molchi murojaati ijobiy hal etilib, internet routeri almashtirib berildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 9
























