Bugungi kunda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarga huquqiy ko‘mak berish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda muammoli masalalarni qonuniy hal etish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Shu kabi murojaatlardan biri O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.G‘. tomonidan kelib tushdi.Murojaatda iste’molchi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “IDEA” do‘konidan 30-may kuni “Premier 32 Smart” rusumli televizorni 2 yil muddatga tuzilgan shartnoma asosida xarid qilgani bayon etilgan. Iste’molchi ma’lumotiga ko‘ra, televizordan foydalanish jarayonida, ya’ni 15-iyun kuni qurilma ekranida chiziqlar paydo bo‘lgan. Shu sababli u 16-iyun kuni mahsulotni do‘konga olib borib topshirgan. Biroq murojaati bo‘yicha masala o‘z vaqtida hal etilmagani, servis xizmati tomonidan ham tegishli chora ko‘rilmagani sababli iste’molchi amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar hududiy birlashmasi tarkibidagi Mirzo Ulug‘bek tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida savdo korxonasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, “IDEA” do‘koni tomonidan nosoz televizor o‘rniga boshqa turdagi televizor almashtirib berildi. Natijada fuqaroning buzilgan iste’molchilik huquqlari tiklandi va murojaati to‘liq qanoatlantirildi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bundan buyon ham fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularga huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.
























