15 mart — Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tomonidan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh fidoyi xodimlar rag‘batlantirilgan edi.
Taqdirlanganlar orasida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi lavozimida samarali faoliyat yuritgan, marhum Jo‘rayev Qorjov Rajabovich ham o‘rin olgan.
Shu munosabat bilan mazkur ko‘krak nishoni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi J. Sarimsoqov tomonidan marhum Jo‘rayev Qorjov Rajabovichning oila a’zolariga tantanali ravishda topshirildi. Bu esa Jo‘rayev Qorjov Rajabovichning soha rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga berilgan yuksak e’tirof sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Jo‘rayev Qorjov Rajabovich uzoq yillar davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida sidqidildan mehnat qilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni hal etish hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Uning samarali va fidokorona mehnatlari e’tirof etilib, mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Bugun marhumning sohadagi xizmatlari hurmat bilan yodga olinadi. Uning halol mehnati, mas’uliyati va insoniy fazilatlari soha xodimlari uchun ibrat bo‘lib qoladi.
Mazkur e’tirof iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lida xizmat qilgan fidoyi insonlarning mehnati hech qachon unutilmasligini yana bir bor tasdiqlaydi.
























