Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining kengash yig‘ilishida 2026 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilindi. Yig‘ilishda Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va To‘rtko‘l tumanlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining hisobotlari tinglandi.
Hisobot davrida federatsiya va uning hududiy bo‘limlariga iste’molchilardan 731 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 347 taga ko‘p. Murojaatlarni o‘rganish va tegishli ishlarni olib borish natijasida iste’molchilar foydasiga 448 million 331 ming so‘m ortiqcha mablag‘ni qaytarishga erishildi.
Shu bilan birga, iste’molchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xizmat ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida 26 ta jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida ta’lim, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ayrim kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Yig‘ilishda Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va To‘rtko‘l tumanlari mahallalari hisobotlariga ham e’tibor qaratildi. Hisobotlar tahlil qilinar ekan, ishlarni yanada samarali tashkil etish, iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sudga da’vo arizalarini kiritish, jamoatchilik monitoringlari natijalarini keng e’lon qilish va ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni oshirish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Ayrim hududlarda bu boradagi ishlarni takomillashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida kelgusi davrda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanib, hududiy jamiyatlar faoliyati samaradorligini oshirish, iste’molchilar murojaatlarini sifatli ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
























