Namangan viloyatida navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan viloyat hududiy birlashmasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada Namangan viloyat adliya boshqarmasining nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, “Yuksalish” xalqaro harakatining Namangan viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi raisi, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining Namangan viloyati hududiy bo‘limi raisi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda tuman va shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari mas’ullari, joylardagi tayanch vakillar hamda soha faollari qatnashdi.
Konferensiya davomida hududiy birlashma tomonidan 2021-yilning to‘rtinchi choragidan 2026-yil 1-oktabr holatiga qadar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi. Jumladan, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish hamda hududlarda olib borilgan amaliy ishlar atroflicha sarhisob qilindi.
Tadbirda hisobot davrida erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga tegishli tushuntirishlar berilib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Konferensiyada davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hamkor tashkilotlar bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni qayta tiklash, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi ishlarni hamkorlikda davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, joylardagi tayanch vakillar faoliyatini faollashtirish, aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlarini samarali ko‘rib chiqish va iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida hududiy birlashmaning kelgusidagi faoliyatini yanada takomillashtirish, hamkor tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish muhim vazifa etib belgilandi.
























