Bugungi kunda fuqarolarning iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilish, savdo qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida Federatsiya tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Shovot tuman Qumyop MFYda yashovchi fuqaro O.J. tomonidan qilindi. Fuqaro Shovot tuman bozoridan 120 000 (bir yuz yigirma ming) so‘mga bolalar yotadigan savatchasini xarid qilgan. Biroq uyiga olib borganidan keyin savatcha bolaning o‘lchamiga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan. Shundan so‘ng u mahsulotni olgan joyiga qaytarib olib borgan, biroq sotuvchi pulni qaytarib berishdan bosh tortgan.
Holatdan norozi bo‘lgan iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilgan. Mazkur murojaat Shovot tuman jamiyati xodimlari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi.
Olib borilgan amaliy sa’y-harakatlar natijasida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirilib, iste’molchining xarid uchun to‘lagan 120 000 so‘m puli uning foydasiga to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
























