Iste'molchilarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Navbatdagi ijobiy hal etilgan murojaat Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro M.G.ning arizasi asosida amalga oshirildi.
Fuqaro Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Qo‘qon shahri Yangi bozor hududidagi sotuvchidan 520 ming so‘m evaziga kiyim-kechak xarid qilganini ma'lum qildi. Xarid qilingan mahsulotni qaytarish uchun murojaat qilganida esa sotuvchi turli bahonalar bilan tovarni qabul qilmagani va mablag‘ni qaytarishdan bosh tortganidan norozi ekanini bildirdi.
Murojaat Qo‘qon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan zudlik bilan o‘rganildi. Avvalo, iste'molchi bilan bog‘lanilib, sotuvchi haqida to‘liq ma'lumotlar aniqlashtirildi. Shundan so‘ng sotuvchi bilan amaldagi qonunchilik talablari hamda iste'molchining huquqlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Olib borilgan huquqiy tushuntirishlar natijasida sotuvchi o‘z xatosini tan oldi hamda iste'molchidan olingan 520 ming so‘m mablag‘ni to‘liq naqd pul ko‘rinishida qaytarib berdi. Shu tariqa fuqaroning murojaati ijobiy hal qilinib, uning buzilgan huquqlari tiklandi.
Murojaat hal etilganidan so‘ng fuqaro Qo‘qon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga minnatdorlik xati yo‘llab, murojaatiga e'tibor bilan yondashilgani va qisqa vaqt ichida ijobiy natijaga erishilgani uchun jamiyat rahbariyati hamda xodimlariga samimiy tashakkur bildirdi.
Ushbu holat iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta'minlashda samarali faoliyat yuritayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar iste'molchilar tovar yoki xizmat bilan bog‘liq huquqlari buzilgan deb hisoblasalar, ular Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, huquqiy maslahat va amaliy yordam olishlari mumkin.
























