O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisining 2026-yil 22-apreldagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim olishni tashkil etish, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarni jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish hamda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar yig‘ilishi tashkil etildi.Seminarda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Navoiy viloyat hududiy birlashmasi hamda tuman (shahar) jamiyatlari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda sohadagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati keng tushuntirildi.
Xususan, ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4860-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, ularni jamiyatga moslashtirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
























