Iste'molchi xarid qilayotgan mahsulot sifati, xavfsizligi va foydalanishga yaroqliligi bo‘yicha qonun bilan himoyalangan. O‘zbekiston Respublikasining "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, iste'molchi nuqsonli mahsulot sotilgan taqdirda uni bepul ta'mirlashni, xuddi shunday markadagi sifatli mahsulotga almashtirishni, xarid narxini qayta hisoblashni yoki to‘langan pulni qaytarishni talab qilish huquqiga ega. Ayniqsa, kafolat muddati davomida yuzaga kelgan ishlab chiqarish nuqsonlari uchun javobgarlik sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi zimmasiga yuklanadi.
Ushbu qonun normalari amalda qanday ishlashini Uchko‘prik tumanida ko‘rib chiqilgan navbatdagi murojaat yana bir bor tasdiqladi.
Uchko‘prik tumani Kichik Kenagas mahallasida yashovchi fuqaro M.X. tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, "Yuksalish" do‘konlar tarmog‘i orqali muddatli to‘lov asosida xarid qilgan Ferre BT60G 31 STB (F) 22STB LN rusumli gaz plitasida foydalanish jarayonida nuqson yuzaga kelganini ma'lum qildi. Murojaatda mahsulot bir necha bor servis xizmati tomonidan ta'mirlangan bo‘lsa-da, muammo to‘liq bartaraf etilmagani va mahsulotdan foydalanishning imkoni bo‘lmay qolgani qayd etilgan.
Murojaat kelib tushgach, Uchko‘prik tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan savdo korxonasiga rasmiy so‘rov yuborilib, xaridor bilan tuzilgan shartnoma nusxasi hamda holat yuzasidan batafsil ma'lumot taqdim etish so‘raldi. O‘rganish jarayonida savdo korxonasi, servis xizmati va iste'molchi ishtirokida holat har tomonlama tahlil qilindi.
O‘rganish davomida mahsulot haqiqatan ham kafolat muddati davomida nosoz holatga kelgani, servis mutaxassislari tomonidan ta'mirlangani, biroq iste'molchi ta'mirlangan mahsulotdan foydalanishni istamaganligi aniqlandi. Savdo tashkiloti esa aynan shu rusumdagi yangi mahsulotga buyurtma berilganini ma'lum qildi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunchilik talablari savdo korxonasi mas'ullariga batafsil tushuntirildi. Olib borilgan muzokaralar natijasida sotuvchi tomoni iste'molchining murojaatini inobatga olib, buyurtma qilingan yangi mahsulot yetib kelgach, nosoz gaz plitasini yangisiga almashtirib berish majburiyatini oldi. Bu haqda savdo korxonasi tomonidan rasmiy javob xati taqdim etildi.
Shundan so‘ng Uchko‘prik tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati murojaatchiga rasmiy javob xatini yuborib, murojaat ijobiy hal etilganini ma'lum qildi va mahsulot yangi gaz plitasiga almashtirib berilishi yuzasidan nazorat davom ettirilishini bildirdi.
Bunday holatlar har bir iste'molchiga quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:
- mahsulot xarid qilayotganda shartnoma, kassa cheki va kafolat talonini saqlab qo‘yish;
- kafolat muddati davomida nuqson aniqlansa, avvalo sotuvchi yoki vakolatli servis markaziga yozma murojaat qilish;
- muammo bartaraf etilmasa, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat etish;
- qonunchilikda belgilangan huquqlardan faol foydalanish.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, iste'molchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilgan va vakolatli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilgan hollarda ko‘plab nizolar sudgacha bo‘lgan bosqichda ijobiy hal etilmoqda.
Mazkur murojaat ham buning yaqqol isboti bo‘lib, Uchko‘prik tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan olib borilgan huquqiy tushuntirish va amaliy ishlar natijasida iste'molchining qonuniy manfaatlari himoya qilindi hamda nuqsonli mahsulotni yangisiga almashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
























