Turar joylarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda, fuqarolarning kundalik hayotida noqulayliklar yuzaga kelib, ularning qonuniy manfaatlariga zarar yetishi mumkin.
Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Zilola Xasanboyeva tomonidan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoniga murojaat kelib tushdi.
Murojaatda qayd etilishicha, iste’molchi yashash xonadonining yerto‘la qismiga kanalizatsiya suvlari toshib kirishi oqibatida jiddiy sanitariya va gigiyena muammolari yuzaga kelgan. Mazkur holat yuzasidan mas’ul xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot — “Baraka Hayot Premium” shirkatiga bir necha bor murojaat qilingan bo‘lsa-da, muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmagan.
Murojaat Olmaliq shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, mas’ul tashkilot bilan tegishli tushuntirish va o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada shirkat vakillari ishtirokida yerto‘la qismi tozalanib, dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi hamda iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan muammo bartaraf etildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, iste’molchilar xavfsiz, sifatli va belgilangan talablarga javob beradigan xizmatlardan foydalanish huquqiga ega. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar esa iste’molchilar oldidagi majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarishi shart.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kommunal va servis xizmatlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga yoki O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.
Iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
KANALIZATSIYA XIZMATIDAGI MUAMMO ISTE’MOLCHI FOYDASIGA HAL ETILDI
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 19
























