Bugungi kunda onlayn savdo xizmatlaridan foydalanuvchilar soni ortib borayotgani bilan bir qatorda, mazkur yo‘nalishdagi murojaatlar ham ko‘paymoqda. Ayniqsa, internet orqali buyurtma qilingan mahsulotning reklamada ko‘rsatilgan tavsifga mos kelmasligi, sifatsiz yoki nuqsonli holda yetkazib berilishi bilan bog‘liq holatlar iste’molchilarni tashvishga solmoqda.
Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefon raqamiga murojaat qilib, onlayn do‘kon orqali xarid qilgan kiyim mahsuloti reklama va suratlarda ko‘rsatilgan ko‘rinishga mos kelmasligini ma’lum qilgan.
Murojaatda qayd etilishicha, iste’molchi internet orqali 158 ming so‘m qiymatidagi kiyim mahsulotini buyurtma qilgan. Biroq mahsulot yetkazib berilgach, uning sifati kutilgan darajada emasligi, tashqi ko‘rinishi reklamada ko‘rsatilgan mahsulotdan keskin farq qilishi aniqlangan. Shuningdek, mahsulot haqida xarid vaqtida to‘liq va haqqoniy ma’lumot taqdim etilmagani ta’kidlangan.
Iste’molchi bir necha bor sotuvchi bilan bog‘lanib, pul mablag‘ini qaytarishni so‘ragan bo‘lsa-da, murojaatiga javob ololmagan. Shundan so‘ng u o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Zangiota tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, sotuvchi bilan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, to‘langan pul mablag‘i qaytarilishiga erishildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, iste’molchi xarid qilayotgan tovar haqida to‘liq, ishonchli va o‘z vaqtida axborot olish huquqiga ega. Sotuvchi esa mahsulotning asosiy xususiyatlari, sifati, tarkibi va boshqa muhim jihatlari haqida xaridorni xabardor qilishi shart.
Shuningdek, mazkur Qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli yoki shartnoma shartlariga mos kelmaydigan tovar sotilgan taqdirda, u tovarni almashtirishni, nuqsonlarni bartaraf etishni yoki to‘langan pul mablag‘ini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Mutaxassislarning fikricha, onlayn xaridlarni amalga oshirishda iste’molchilar sotuvchi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishi, to‘lovdan oldin mahsulot tavsifi bilan batafsil tanishishi hamda yozishmalar va to‘lov hujjatlarini saqlab qo‘yishi maqsadga muvofiqdir.
Agar siz ham onlayn savdo, xizmat ko‘rsatish yoki boshqa iste’mol munosabatlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilishingiz mumkin.
ONLAYN SAVDODA ISTE’MOLCHI HUQUQLARI HIMOYA QILINDI: PUL MABLAG‘I QAYTARILISHIGA ERISHILDI
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 15
























