O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Quvasoy shahar jamiyati tomonidan hududdagi «Kvarts» aksiyadorlik jamiyatida mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar o‘rtasida iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik asoslarini targ‘ib qilish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad — korxonada Federatsiyaning boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ishchi-xizmatchilarning mamlakatimizdagi iste'molchilik ijtimoiy harakatidagi faol ishtirokini ta'minlash, ularning sohadagi huquqiy bilim va xabardorligini oshirishdan iborat.
Shuningdek, ishchi-xizmatchilarni iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari ijrosi ustidan olib boriladigan jamoatchilik nazorati ishlariga keng jalb etish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Quvasoy shahar jamiyati tomonidan «Kvarts» aksiyadorlik jamiyati ishchilarining smena almashinuvi paytida o‘ziga xos targ‘ibot aksiyasi tashkil etildi. Aksiya doirasida ishchi-xizmatchilarga suv va salqinlantiruvchi ichimliklar tarqatilib, ular bilan iste'molchilar huquqlarini himoya qilish, Federatsiya faoliyati va mamlakatimizdagi iste'molchilik ijtimoiy harakatining ahamiyati xususida suhbatlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar jarayonida ishtirokchilarning Federatsiya va uning faoliyati haqidagi tushuncha hamda bilimlari ham o‘rganildi. Savol-javob va muloqot tarzida o‘tkazilgan suhbatlar ishchi-xizmatchilarning iste'molchilik sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, ularda o‘z huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarga nisbatan yanada faol munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.
Bunday targ‘ibot tadbirlari korxonalarda iste'molchilik madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash va jamoatchilik nazoratida aholining faol ishtirokini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
























