Tovarni iste'molchiga but holatda, ya'ni barcha qismlari va komplektlari bilan yetkazib berilmasligi ham iste'molchining qonuniy huquqlari buzilishi hisoblanadi. Bu holat "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 8-moddasidagi normalar bilan tartibga solingan. Mazkur moddaga muvofiq, sotuvchi iste'molchiga shartnoma va belgilangan talablarga muvofiq, but va foydalanishga yaroqli tovarni topshirishi shartdir.
Shunday holatlardan birini Toshloq tumanida yashovchi fuqaro N. F.ning buyurtma asosida xarid qilingan yotoqxona mebellari to‘liq va soz holatda yetkazib berilmagani yuzasidan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshloq tuman jamiyatiga qilingan murojaat misolida ko‘rib chiqaylik.
Hujjatlarda keltirilishicha, fuqaro 2025 yil sentyabr oyida Toshloq tumanidagi mebel do‘konidan yotoqxona mebellari to‘plamini buyurtma asosida xarid qilgan. Mebel jamlanmasi uchun 10 million 500 ming so‘m to‘lov amalga oshirilgan hamda yetkazib berish xizmati uchun ham alohida haq to‘langan.
Biroq, murojaatchiga mebel to‘plami sifatsiz va but (to‘liq) bo‘lmagan holatda yetkazib berilgan. Jumladan, shifonerning oyna qismi hamda tryumoning orqa tayanch qismini o‘rnatib berish ishlari kechiktirilganligi qayd etilgan. Murojaatchi bu borada do‘kon rahbariyatiga murojaat qilganiga qaramay, muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmagan.
Mazkur murojaat asosida Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari tashkil etildi hamda sotuvchi tomoniga rasmiy murojaat xati yuborildi.
Olib borilgan o‘rganishlar va huquqiy tushuntirishlardan so‘ng, do‘kon mutasaddilari tomonidan fuqaro xonadoniga borilib, yetkazilmagan qismlar o‘rnatib berildi hamda mebel to‘plami to‘liq soz holatga keltirildi. Shu tariqa, murojaat yuzasidan iste'molchining qonuniy talablari ta'minlanib, muammo ijobiy hal etildi.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, fuqarolar tovar yoki xizmatlar sifatidan norozi bo‘lgan hollarda, ayniqsa tovar to‘liq yetkazib berilmagan, nuqsonli yoki shartnoma talablariga mos kelmaydigan vaziyatlarda o‘z huquqlarini talab qilishlari va tegishli tashkilotlarga murojaat etishlari mumkin bo‘lib, agar bu borada qonunbuzilishi holatlariga duch kelsangiz Siz ham Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga (ish kunlarida soat 09-00 dan 18-00 ga qadar) sim qoqishingiz yoki sutkaning istalgan vaqtida smartfoningiz brauzeri oynasiga murojaat.istemol.uz ni terib, elektron shaklda murojaat qoldirishingiz mumkin.
























