Muborak tumanidagi yana bir fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlarga ishlab chiqaruvchi tomonidan kafolat muddati belgilanadi. Kafolat muddati davomida ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi tovarning, shu jumladan butlovchi buyumlarning normal ishlashini ta’minlashi shart. Agar ushbu muddat mobaynida tovar nuqsonli holga kelgan bo‘lsa, iste’molchi bir qator huquqlarga ega. Shulardan biri — nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish huquqidir.
Murojaatda bayon etilishicha, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yashovchi fuqaro Ch.M tumandagi savdo majmualarning biridan 14 million soʻm miqdoridagi yuk tashish mototsiklini naqd pul evaziga xarid qilgan. Oradan bir necha kun vaqt oʻtib, mototsikl ishlamay nosoz, ya'ni yaroqsiz holga kelib qolgan. Fuqaro vaziyatni ogʻzaki tushuntirmoqchi boʻlib savdo majmua rahbariga murojaat qilib borganida eshitishni ham istamagan. Shundan soʻng u Muborak tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur holat fuqaro ishtirokida jamoatchilik asosida o‘rganildi. Natijada fuqaroning talabi o‘rinli ekani tasdiqlanib, jamiyat xodimlari aralashuvi bilan naqd pul evaziga xarid qilingan 14 million soʻmlik nosoz yuk tashish mototsiklni puli isteʼmolchiga toʻliqligicha naqd holda qaytarib berildi.
Ushbu holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, agar har bir fuqaro o‘z qonuniy huquqlarini bilsa va zarurat tug‘ilganda tegishli tashkilotlarga murojaat etsa, istalgan muammo qonuniy tartibda hal etilishi mumkin.
























