Mustaqillik bayrami arafasida yurtimiz bo‘ylab savdo-sotiq yanada jonlanadi. Bayram dasturxoni uchun oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, maishiy texnika va turli sovg‘alar xarid qilish ko‘payadi. Ana shunday paytda iste’molchilar o‘z huquqlarini bilishi, xaridni shoshilmasdan va e’tibor bilan amalga oshirishi muhim.
Avvalo, mahsulot xarid qilayotganda uning yaroqlilik muddati, ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi, saqlash sharoiti hamda ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qarating. Ayniqsa, go‘sht va sut mahsulotlari, qandolat, ichimliklar, konservalar kabi oziq-ovqatlarni sotib olishda mahsulotning tashqi ko‘rinishi va qadoqlanishini ham tekshirish lozim.
Narx masalasida ham hushyor bo‘ling. Peshtaxta yoki narxnoma yorlig‘ida ko‘rsatilgan narx bilan kassada hisoblangan summa bir-biriga mos kelishi kerak. Xariddan keyin esa kassa yoki tovar chekini saqlab qo‘yish tavsiya etiladi. Bu hujjat keyinchalik mahsulot sifati yoki hisob-kitob bo‘yicha muammo yuzaga kelganida muhim dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Bayramoldi chegirmalari va turli aksiyalar xaridorlarni o‘ziga jalb etadi. Biroq “katta chegirma”, “faqat bugun”, “so‘nggi imkoniyat” kabi reklama takliflariga uchib, mahsulotning sifati va haqiqiy narxini tekshirmasdan xarid qilish to‘g‘ri emas. Aksiya shartlari, mahsulotning kafolat muddati va qaytarish yoki almashtirish tartibi haqida sotuvchidan aniq ma’lumot oling.
Maishiy texnika va boshqa qimmatbaho tovarlarni xarid qilayotganda mahsulotni imkon qadar joyida tekshirib ko‘ring. Kafolat taloni, foydalanish yo‘riqnomasi va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni olishni unutmang. Mahsulotda nuqson aniqlansa, iste’molchi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z talablarini bildirish huquqiga ega.
Internet orqali xarid qilayotgan fuqarolar ham ehtiyotkor bo‘lishlari zarur. Sotuvchining aloqa ma’lumotlari, mahsulot tavsifi, narxi, yetkazib berish va to‘lov shartlarini oldindan aniqlashtiring. Noma’lum sahifalarga shaxsiy ma’lumotlaringiz yoki bank kartangizga oid maxfiy ma’lumotlarni taqdim etmang.
Bayram kunlari umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatidan foydalanganda ham taomlarning sifati, narxnomalar mavjudligi va sanitariya talablariga rioya etilishiga e’tibor bering. Ko‘rsatilmagan yoki buyurtma qilinmagan xizmat uchun haq undirilayotgan bo‘lsa, buning sababini aniqlashtirishga haqlisiz.
Unutmang: iste’molchining xabardorligi — uning huquqlarini himoya qilishdagi eng muhim vositalardan biridir. Har bir xaridni ongli ravishda amalga oshiring, to‘lov hujjatlarini saqlang va huquqingiz buzilgan holatlarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishdan tortinmang.
Mustaqillik bayrami har bir xonadonga fayz-u baraka, tinchlik va farovonlik olib kelsin. Bayram xaridlaringiz esa sifatli, xavfsiz va ko‘ngildagidek bo‘lsin!
Avtor: M.Safarova
Mustaqillik bayrami arafasida iste’molchilarga eslatma
- Информация о материале
- Автор: Buxoro viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 11
























