NAMANGAN VILOYATINING BIR QATOR TUMANLARIDA TAYANCH GURUH FAOLLARI ISHTIROKIDA YIG‘ILISHLAR O‘TKAZILDI
Namangan viloyatining Pop, Yangiqo‘rg‘on, Norin hamda Uychi tumanlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tomonidan tayanch guruh faollari ishtirokida navbatdagi yig‘ilishlar tashkil etildi.
Mazkur yig‘ilishlar hududlarda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, tayanch guruhlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda aholi bilan bevosita muloqot mexanizmlarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida tuman jamiyatlarining o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar, mavjud masalalar hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Xususan, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida va qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rib chiqish, iste’molchilarga huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, aholi o‘rtasida iste’mol madaniyati hamda huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishlarda tayanch guruh faollarining joylarda iste’molchilar bilan tizimli ishlash, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va tegishli tartibda hal etilishiga ko‘maklashishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, hududiy jamiyatlar va tayanch guruhlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish hamda faoliyatda ochiqlik va natijadorlikni ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlarda ishtirokchilar tomonidan amaliy faoliyat jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar, ularning yechimlari hamda ish samaradorligini oshirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish, jamiyat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va aholi manfaatlarini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tayanch guruh faollari hamda tashrif buyurgan mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yig‘ilishlar yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olinib, hududlarda iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, targ‘ibot tadbirlarini tizimli davom ettirish hamda tayanch guruhlar faoliyatini yanada faollashtirish bo‘yicha tegishli kelishuvlarga erishildi.
























