NAMANGANDA 18 MILLIARD SO‘MDAN ORTIQ MABLAG‘ ISTE’MOLCHILAR FOYDASIGA HAL ETILDI
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan viloyati hududiy birlashmasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash yig‘ilishida Namangan viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek, sohada jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish borasida 2026-yilning dastlabki olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, viloyatdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga jami 2 159 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 520 tasi yozma, 1 639 tasi og‘zaki shaklda bo‘lib, jami murojaatlarning 196 tasi elektron shaklda qabul qilingan.
Murojaatlarning 3 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ishonch telefoni, 11 tasi Bosh prokuratura Ishonch telefoni, 142 tasi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli Ishonch telefoni, 40 tasi Federatsiyaning Telegram boti orqali kelib tushgan. Hududiy birlashma hamda tuman va shahar jamiyatlariga esa 1 963 ta murojaat to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llangan.
Hisobot davrida hududiy birlashma va uning tuman-shahar jamiyatlari tomonidan murojaatlar tegishli tartibda o‘rganilib, iste’molchilar foydasiga jami 18 milliard 59 million 637 ming 201 so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi, undirib berilishi hamda yetkazilgan zararlarning qoplanishi ta’minlandi.
Yig‘ilish davomida hududiy birlashma hamda tuman va shahar jamiyatlari tomonidan erishilgan natijalar, amalga oshirilgan ishlar va mavjud kamchiliklar batafsil muhokama qilindi. Xususan, jamiyatlar faoliyatining KPI ko‘rsatkichlari asosida olib borilgan tahlil natijalari ko‘rib chiqilib, yuqori ball qayd etgan hududlarning ijobiy tajribasi e’tirof etildi.
Shu bilan birga, KPI ko‘rsatkichlari bo‘yicha past natija ko‘rsatgan ayrim tuman va shahar jamiyatlari faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ijro intizomiga qat’iy rioya etish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, faoliyat samaradorligini oshirish va belgilangan KPI ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida 2026-yilning keyingi choragida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkor va ijobiy hal etish, aholining huquqiy savodxonligi hamda iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, joylarda monitoring va jamoatchilik nazorati tadbirlarini muntazam tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
NAMANGANDA 18 MILLIARD SO‘MDAN ORTIQ MABLAG‘ ISTE’MOLCHILAR FOYDASIGA HAL ETILDI
- Информация о материале
- Автор: Namangan viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 8
























