Uzun tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning murojaati amaliy yordam bilan ijobiy hal etildi
Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy muammolariga amaliy yechim topish — iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining muhim vazifalaridan biridir.
Shu maqsadda Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining murojaatlari bilan ishlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yaqinda tumandagi “Yangi shahar” MFY, Bahori ko‘chasida yashovchi fuqaro Xosiyat Jo‘rayeva o‘zgalar parvarishiga muhtoj, mustaqil ravishda yura olmaydigan farzandi Hasan Abdurasulov uchun nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qildi.
Murojaat tegishli tartibda o‘rganilib, Uzun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari hamkorligida fuqaroning xonadoniga borildi. O‘rganish davomida Hasan Abdurasulovning haqiqatdan ham nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligi aniqlandi.
Murojaatni ijobiy hal etish maqsadida zarur choralar ko‘rilib, fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlari ta’minlandi. Natijada Hasan Abdurasulovga qiymati 8 million so‘mlik elektron, o‘zi yuradigan zamonaviy nogironlik aravachasi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan yetkazib berildi.
Mazkur amaliy yordam nafaqat bolaning kundalik hayotini yengillashtirish, balki uning oilasiga katta ko‘mak va quvonch bag‘ishladi.
Bunday xayrli ishlar inson qadri ulug‘lanayotgan, mehr-oqibat va hamjihatlik tamoyillari qaror topayotgan jamiyatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar doimo e’tiborda ekanining amaliy ifodasidir.
Aholining murojaatlarini tinglash, muammolarini o‘rganish va imkon qadar ularning yechimiga ko‘maklashish borasidagi ezgu ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Nogironlik aravachasiga muhtoj farzandga zamonaviy aravacha yetkazib berildi
- Информация о материале
- Автор: Surxondaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 14
























