Boysun tumanida iste’molchi tomonidan xarid qilingan maishiy texnika mahsuloti bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Boysun tumani “Chor-chinor” mahallasida yashovchi fuqaro M.H. tumandagi maishiy savdo do‘konidan 2 800 000 so‘m qiymatidagi changyutgich xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida uning sifatsiz ekani, belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan.
Mazkur holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqaro bu borada savdo do‘koni xodimiga murojaat qilib, mahsulotdagi nuqson sababli uni qaytarib olish yoki sifatli mahsulotga almashtirish masalasida amaliy yordam so‘ragan. Ammo murojaatga lozim darajada e’tibor qaratilmagach, iste’molchi Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, jamiyat mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, xarid qilingan mahsulotning holati hamda savdo do‘koni mas’ullarining munosabati tahlil qilindi. Shuningdek, tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli mahsulot xarid qilish huquqi hamda sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan o‘rganish va tushuntirish ishlari natijasida masala iste’molchi foydasiga hal etildi. Ya’ni, fuqaro tomonidan xarid qilingan nosoz changyutgich sifatli boshqa mahsulotga almashtirib berildi.
Shu tariqa, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, uning buzilgan huquqi tiklandi. Ushbu holat iste’molchilar tomonidan maishiy texnika vositalarini xarid qilishda mahsulot sifati, kafolat muddati, texnik holati va to‘lov hujjatlariga alohida e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Agar xarid qilingan mahsulot sifatsiz chiqsa yoki foydalanish jarayonida nuqson aniqlansa, iste’molchi amaldagi qonunchilikka muvofiq uni almashtirish, bepul ta’mirlash, narxini kamaytirish yoki boshqa qonuniy talablar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi nizoli holatlarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























