Выберите язык

Iste'molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda murojaatlar bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, kafolat muddatida nosozlik aniqlangan texnika vositalari bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni qonunchilik asosida hal etish iste'molchilar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi fuqaro X.A. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida faoliyat yurituvchi mas'uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklidagi savdo tashkilotidan xarid qilingan quyosh paneli tizimi bilan bog‘liq muammoga amaliy yordam so‘ragan. 

Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2026 yil fevral oyida mazkur korxonadan quyosh paneli xarid qilgan. Biroq qurilmaning asosiy qismlaridan biri hisoblangan invertor qisqa muddat ichida nosoz holatga kelgan. Iste'molchi servis xizmatiga murojaat qilgach, invertor ta'mirlangan va qayta o‘rnatilgan. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, qurilma yana ishdan chiqqan va quyosh paneli tizimidan to‘liq foydalanish imkoniyati cheklangan. Shu sababli fuqaro invertorni yangisiga almashtirish hamda muammoni bartaraf etishda amaliy yordam berishni so‘ragan. 

Murojaat Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida MChJ rahbariyatiga rasmiy murojaat yo‘llanib, iste'molchining qonuniy talablarini ta'minlash choralarini ko‘rish so‘raldi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik, jumladan, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning kafolat muddatidagi tovar nuqsonlarini bartaraf etishga oid talablari tushuntirildi. 

Olib borilgan o‘rganishlar va huquqiy ta'sir choralari natijasida korxona mutaxassislari iste'molchining yashash manziliga borib, nosoz invertorni yangisiga almashtirib berdilar hamda uni qayta o‘rnatish ishlarini amalga oshirdilar. Natijada quyosh paneli tizimi to‘liq ishchi holatga keltirildi va fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etildi. 

Mazkur holat iste'molchilar uchun muhim huquqiy saboq hisoblanadi. Qonunchilikka muvofiq, kafolat muddati davomida tovarda nuqson aniqlansa, iste'molchi uni bepul ta'mirlash, nuqsonni bartaraf etish, tovarni almashtirish yoki yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, texnik jihatdan murakkab qurilmalarda takroran nosozlik kuzatilganda, iste'molchi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli tashkilotlarga murojaat qilishi mumkin.

Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amalga oshirilgan mazkur ishlar natijasida fuqaroning qonuniy manfaatlari tiklandi. Bu esa iste'molchilar murojaatlarini o‘z vaqtida va qonunchilik asosida ko‘rib chiqish orqali ko‘plab muammolarni sudgacha bo‘lgan bosqichda hal etish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening