Farg‘ona viloyati hududida aholi iste'moli uchun taklif etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi, sifat ko‘rsatkichlari standartlariga muvofiqligi, davlat sertifikatlashtirish talablariga rioya qilinishi hamda yodlangan osh tuzining sifati va savdosi holatini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan tasdiqlanib, Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan jamoatchilik nazorati rejasiga muvofiq tashkil etilgan.
Monitoring davomida viloyatdagi dehqon va ulgurji bozorlar, savdo do‘konlari, yirik market va supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlarining saqlash sharoitlari, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi, mahsulotlarning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari, sertifikatlashtirish hujjatlarining mavjudligi hamda iste'molchilarga taqdim etilayotgan axborotlarning qonuniyligi o‘rganiladi.
Shuningdek, aholi salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yodlangan osh tuzining savdo tarmoqlaridagi mavjudligi, sifati, qadoqlanishi va belgilangan talablarga muvofiqligiga ham alohida e'tibor qaratiladi.
Jamoatchilik monitoringi jarayonida aniqlangan holatlar tahlil qilinadi hamda sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Monitoring natijalari yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma'lumotlar manfaatdor davlat tashkilotlariga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
























