Выберите язык

Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida olib borilayotgan ishlar aholining qonuniy manfaatlarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tovar sifati va haqqoniy axborot taqdim etilishi bilan bog‘liq holatlarda fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi muhimdir.

Quvasoy shahrida yashovchi fuqaro N. D. tomonidan Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilingan murojaat ham ana shunday holatlardan biri bo‘ldi. Murojaatchi Farg‘ona shahridagi markaziy kiyim-kechak savdo majmuasida joylashgan “DALIDA” savdo do‘konidan 1 million 900 ming so‘m evaziga uch dona ayollar ko‘ylagini xarid qilganini ma'lum qilgan. 

Sotuvchilar tomonidan ikki dona ko‘ylak Turkiyada, bir dona ko‘ylak esa Italiyada ishlab chiqarilgan sifatli mahsulot sifatida tavsiya etilgan. Xaridor mahsulotlarni ko‘rib, to‘lovni elektron tarzda amalga oshirgan. Biroq uy sharoitida mahsulotlarni yana bir bor ko‘zdan kechirganida, ularning sifati va xususiyatlari sotuvchi tomonidan berilgan ma'lumotlarga mos kelmasligi aniqlangan. Jumladan, Turkiyada ishlab chiqarilgan deb sotilgan ko‘ylaklarning tikilishi talab darajasida emasligi, Italiya lyoni sifatida tavsiya etilgan ko‘ylak esa boshqa turdagi matodan tayyorlangani ma'lum bo‘lgan. 

Shundan so‘ng iste'molchi tovarlarni qaytarish maqsadida savdo do‘koniga murojaat qilgan. Do‘kon xodimlari boshqa mahsulotlarni tanlashni taklif etgan bo‘lsalar-da, ular xaridorni qoniqtirmagan. Natijada fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. 

Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, Federatsiya mutaxassislari hamda savdo do‘koni mas'ullari jalb etildi. O‘rganish davomida amaldagi qonunchilik, xususan, “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari asosida huquqiy baho berildi. 

Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar o‘zaro kelishuvga erishdi. Savdo do‘koni tomonidan bir dona ko‘ylak qaytarib olindi, shuningdek, har biri 500 ming so‘mlik ikki dona ko‘ylak uchun jami 1 million so‘m mablag‘ iste'molchiga naqd pul ko‘rinishida qaytarib berildi. 

Mazkur holat iste'molchilar uchun muhim saboq bo‘lib xizmat qiladi. Qonunchilikka muvofiq, xaridor tovar haqida to‘liq, ishonchli va haqqoniy ma'lumot olish huquqiga ega. Agar mahsulotning sifati, tarkibi, kelib chiqishi yoki boshqa xususiyatlari haqida noto‘g‘ri ma'lumot berilgan bo‘lsa, iste'molchi o‘z huquqlarini tiklashni talab qilishi mumkin.

Mutaxassislar ta'kidlashicha, tovar xarid qilishda chek, elektron to‘lov tasdig‘i va boshqa hujjatlarni saqlab qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Bu kabi hujjatlar keyinchalik nizoli holatlarni hal qilishda asosiy dalil vazifasini o‘taydi.

Quvasoy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan mazkur murojaat natijasida iste'molchining qonuniy manfaatlari tiklandi va yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplandi. Bu esa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi amalda samarali ishlayotganining yana bir yorqin namunasidir.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening