O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan murojaatlar hududiy jamiyatlar tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Denov tumani O‘zgarish mahalla fuqarolar yig‘ini, 2-ko‘cha, 91-uyda yashovchi fuqaro N. Xidirnazarov xarid qilgan konditsionerlardan birida aniqlangan nosozlik yuzasidan Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Denov shahri Sharof Rashidov ko‘chasida, bank yaqinida joylashgan savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida umumiy qiymati 8 million 376 ming so‘m bo‘lgan ikkita konditsioner xarid qilgan.
Konditsionerlar xonadonga o‘rnatilgandan so‘ng, ulardan biri umuman ishlamagani aniqlangan. Iste’molchi ushbu holat yuzasidan savdo do‘koniga murojaat qilgan va do‘kon tomonidan servis markazi mutaxassislari chaqirilgan.
Dastlab servis xodimlari konditsionerni qayta ishga tushirish, ya’ni “perezagruzka” qilish orqali muammoni bartaraf etish mumkinligini bildirgan. Biroq iste’molchi tavsiya etilgan amallarni bajarganidan keyin ham qurilma ishlamagan. Shundan so‘ng fuqaro nosoz konditsionerni yangisiga almashtirish yoki buning imkoni bo‘lmasa, tuzilgan shartnomani bekor qilishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan nazoratga olindi.
Jamiyat mutaxassislari murojaatchi hamda savdo do‘koni vakillari ishtirokida holatni atroflicha o‘rgandilar. O‘rganish davomida mahsulotning texnik holati qayta tekshirilib, tegishli servis xizmati jalb qilindi. Servis mutaxassislari tomonidan zarur ta’mirlash va sozlash ishlari amalga oshirilib, konditsionerdagi nosozliklar bartaraf etildi.
Mazkur holat maishiy texnika mahsulotlarini xarid qilishda iste’molchilar shartnoma, to‘lov hujjati va kafolat talonlarini saqlab qo‘yishi muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Kafolat muddati davomida mahsulotda nuqson aniqlansa, iste’molchi uni bepul ta’mirlash, almashtirish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarni bildirish huquqiga ega.
Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini qonuniy va xolis o‘rganish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Iste’molchi murojaati faqat eshitilishi bilan emas, amaliy yechim topishi bilan ahamiyatlidir.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
☎️ 1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























