Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchilarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga Oltinsoy tumanida yashovchi fuqaro X.M. tomonidan savdo munosabatlari bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro Denov shahrida joylashgan savdo do‘konidan 3 800 000 so‘mga “JAK” rusumli tikuv mashinasi xarid qilgani, biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida unda nuqson mavjudligi aniqlangani bayon etilgan. Iste’molchi ushbu holatdan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida savdo do‘koni vakillari bilan suhbat o‘tkazilib, iste’molchining qonuniy talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan tovardan nuqson aniqlanganda, mahsulotni sifatlisiga almashtirish, nuqsonni bepul bartaraf etish, narxini qayta hisoblash yoki to‘langan pulni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida fuqaro X.M. tomonidan xarid qilingan nosoz tikuv mashinasi uning xohishiga ko‘ra yangisiga almashtirib berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, qonuniy manfaati ta’minlandi.
Mazkur holat xarid jarayonida mahsulot sifati, kafolat muddati, chek va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarga e’tibor qaratish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Iste’molchi o‘z huquqlarini bilsa va o‘z vaqtida murojaat qilsa, buzilgan huquqlarini qonuniy tartibda tiklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining murojaatlarini o‘rganish, iste’molchilarga amaliy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish hamda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























