Sho‘rchi tumanida iste’molchining sifatsiz avtoshinalar bo‘yicha murojaati ijobiy hal etildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Sho‘rchi tumani G‘armakurg‘on mahallasida yashovchi fuqaro U. Eshmirzayev tuman markazida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor A. Achilovga qarashli ehtiyot qismlar do‘konidan 2 600 000 so‘mga 4 dona avtoshina xarid qilgan.
Fuqaro avtoshinalarni vulkanizatsiya ustaxonasiga olib borib, disklariga o‘rnatganidan so‘ng ularning yaroqsizligini aniqlagan. Xususan, avtoshinalarning turli joylarida “shishkalar” paydo bo‘lgan.
Shundan so‘ng iste’molchi avtoshinalarni boshqa mahsulotga almashtirish yoki to‘lagan pulini qaytarishni so‘ragan. Savdo do‘konida ayni turdagi avtoshinalar mavjud emasligi sababli iste’molchiga pulni qaytarish uchun biroz sabr qilish kerakligi aytilgan.
Fuqaroning murojaati joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish yakunida iste’molchi tomonidan avtoshinalar uchun to‘langan 2 600 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Shu tariqa fuqaroning murojaati ijobiy hal etilib, uning iste’molchi sifatidagi manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat xarid qilinayotgan mahsulotning sifati va yaroqliligiga e’tibor berish, nuqson aniqlangan taqdirda esa o‘z huquqlarini qonuniy tartibda talab qilish muhimligini ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida!
























