O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–393-son qarori ijrosi doirasida Nurafshon shahrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, "Taraqqiyot" mahallasida yangi oqova suv tarmoqlarini qurish hamda ichki yo‘llarni taʼmirlash ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Hozirga qadar qariyb 1 kilometr yangi oqova suv tarmoqlari tortilgan bo‘lib, ayni paytda mazkur hududda asfalt qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida birgina "Taraqqiyot" mahallasida 8,4 kilometr uzunlikdagi yangi oqova suv tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Evalik, Dehqonobod, Degantepa, Yuksalish va Uchqun mahallalarida ham yangi oqova suv tarmoqlari hamda zamonaviy oqova nasos stansiyalarini barpo etish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Mazkur bunyodkorlik ishlari yakuniga yetgach, yuzlab xonadonlarning markazlashgan oqova suv tizimiga ulanish imkoniyati kengayadi. Natijada aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhiti yaratilishi, sanitariya-gigiyena holatining yaxshilanishi hamda hududlarning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlanishi taʼminlanadi.
Kommunal xizmatlardan foydalanuvchi har bir fuqaro – isteʼmolchi
Isteʼmolchi deganda faqat savdo doʻkonidan mahsulot xarid qiluvchi shaxs emas, balki kundalik hayotida turli xizmatlardan foydalanayotgan har bir fuqaro tushuniladi. Ichimlik suvi, oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz, jamoat transporti, aloqa xizmatlari va yoʻl infratuzilmasidan foydalanayotgan har bir shaxs isteʼmolchi hisoblanadi.
Shu sababli kommunal infratuzilmani rivojlantirish, yangi tarmoqlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari bevosita isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Sifatli oqova suv tizimi – sogʻlom turmush garovi
Oqova suv tizimining talab darajasida ishlashi ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholining salomatligini saqlashda muhim omillardan biridir.
Yangi oqova suv tarmoqlarining barpo etilishi:
aholi uchun sifatli kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi;
sanitariya-gigiyena holatini yaxshilaydi;
yer osti va yer usti suvlarining ifloslanishini kamaytirishga xizmat qiladi;
avariya holatlari va nosozliklarning oldini olish imkonini beradi;
kommunal xizmatlarning uzluksiz va barqaror ko‘rsatilishini taʼminlaydi.
Sifatli yoʻllar – qulay va xavfsiz harakatlanish omili
Hududlarda asfalt qoplamasining yangilanayotgani ham isteʼmolchilar manfaatlariga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir. Sifatli yoʻllar aholining xavfsiz harakatlanishini taʼminlaydi, transport qatnovini yaxshilaydi, xizmat ko‘rsatish sifati va qulayligini oshiradi.
Yaxshi yoʻl infratuzilmasi nafaqat transport vositalari, balki piyodalar uchun ham xavfsiz va qulay sharoit yaratadi. Bu esa fuqarolarning kundalik hayot sifati va turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Isteʼmolchilarning qonuniy huquqlari himoyada
Oʻzbekiston Respublikasining "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonuniga muvofiq, isteʼmolchilar sifatli, xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.
Shu bois kommunal infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan loyihalar isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz qarori ijrosi doirasida Nurafshon shahrida amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari nafaqat hudud infratuzilmasini rivojlantirish, balki aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, fuqarolarning munosib turmush sharoitini yaratish hamda isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir.
Toshkent viloyati Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi isteʼmolchilarning sifatli kommunal xizmatlardan foydalanish huquqlarini taʼminlash, ularning murojaatlarini o‘rganish va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatini izchil davom ettirmoqda.
Nurafshon shahrida infratuzilma yangilanmoqda: sifatli kommunal xizmatlar isteʼmolchilar manfaatlariga xizmat qiladi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 16
























