Выберите язык

Yangi o‘quv yilining boshlanishi har bir oila, ayniqsa, farzandi maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yayotgan ota-onalar uchun o‘zgacha hayajon va quvonchli lahzalarni taqdim etadi. Bu kun bolalar hayotida yangi bosqichning boshlanishi, ota-onalar uchun esa farzandining ta’lim yo‘lidagi ilk qadamlarini kuzatishdek mas’uliyatli va unutilmas jarayondir. Nurafshon shahridagi barcha umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda, bayramona kayfiyatda tashkil etildi. Maktab hovlilarida jajji o‘quvchilarning hayajonli nigohlari, ustozlarning samimiy tilaklari, ota-onalarning quvonchi va ilk qo‘ng‘iroq sadolari yangradi. Ayniqsa, maktabga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilari uchun bu kun hayotlaridagi eng unutilmas sanalardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berish, ular uchun munosib shart-sharoit yaratish jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Zero, maktabda berilgan bilim va tarbiya bolaning kelajakdagi hayot yo‘lida muhim o‘rin tutadi. Shu bois ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy muhit yaratish, ta’lim sifatini muntazam oshirib borish, ustozlarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi. “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ham ana shu ezgu maqsadlar, yangi o‘quv yiliga katta umid va ishonch bilan qadam qo‘yish ramzidir. Nurafshon shahridagi 57-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda shahar tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, maktab jamoasi, ustoz va murabbiylar, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdilar. Jumladan, Nurafshon shahar hokimi Qobil Xamdamov 57-umumta’lim maktabida bo‘lib, ustoz va o‘quvchilarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi. Tadbir davomida yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tabriklar yangradi, o‘quvchilarga ilm olish yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Shuningdek, Prezidentimizning yangi o‘quv yili munosabati bilan yo‘llagan tabriklari o‘qib eshittirildi. Tadbirda maktab o‘quvchilarining chiqishlari, bayramona dasturlar va yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan ezgu tilaklar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Har bir ota-ona uchun farzandining maktabga borishi o‘zgacha hayajonli voqea. Kecha qo‘lidan yetaklab bog‘chaga olib borilgan jajji farzand bugun maktab formasida, qo‘lida gul bilan maktab ostonasida turibdi. Uning ko‘zidagi hayajon, quvonch va yangi muhitga bo‘lgan qiziqishi ota-onalar qalbida ham unutilmas taassurot qoldiradi. Bu yilgi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri biz uchun ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki farzandlarimiz aynan shu maktabda ta’lim olmoqda. Qizalog‘imizning esa bu yil 1-sinfga qadam qo‘yishi biz uchun quvonchli va hayajonli voqea bo‘ldi. Shu sababli ushbu tadbirga ikki jihatdan — kasbiy faoliyatimiz va ota-ona sifatidagi mas’uliyatimiz nuqtayi nazaridan qarashimiz tabiiy. Toshkent viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi sifatida faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining iste’mol madaniyatini oshirish hamda iste’molchilarga o‘z huquqlarini anglashda ko‘maklashishdan iborat. Iste’molchi tushunchasi faqat kundalik xaridlar bilan cheklanib qolmaydi. Fuqarolar turli xizmatlardan foydalanadilar va bu jarayonda ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ta’minlanishi muhim. Shu nuqtayi nazardan, farzandlarimiz ham ta’lim xizmatlaridan foydalanuvchi iste’molchilar hisoblanadi. Bu esa ta’lim sifatiga, o‘quvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlarga, xavfsizlikka, xizmatlarning belgilangan talablar asosida ko‘rsatilishiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytiradi. Albatta, farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi faqatgina bir tashkilot yoki bir jamoaning vazifasi emas. Bu — ota-ona, maktab, ustoz, mahalla va jamiyatning hamkorlikdagi mas’uliyatidir. Ota-ona farzandini maktabga kuzatar ekan, uning kelajagi haqida o‘ylaydi.Farzandimiz qanday bilim oladi, qanday ustozlardan ta’lim oladi, maktabda qanday sharoitlar yaratilgan, uning xavfsizligi ta’minlanganmi, ta’lim sifati qay darajada, farzandimiz o‘z qobiliyatini namoyon qila oladimi — bunday savollar har bir ota-onani o‘ylantirishi tabiiy. Shu sababli ta’lim xizmatlarining sifati va undan foydalanuvchilarning manfaatlarini ta’minlash masalasi hamisha dolzarb bo‘lib qoladi. Ayniqsa, 1-sinfga qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilar uchun maktabdagi muhit juda muhim. Ular maktabni mehr, quvonch va yaxshi xotiralar bilan bog‘lashlari, bilim olishga bo‘lgan qiziqishlari ilk kundanoq shakllanishi zarur. “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ustoz va murabbiylarning o‘rni alohida e’tirof etildi. Ustoz — bolaga faqat dars beruvchi inson emas. U o‘quvchining dunyoqarashini shakllantiradi, uning qobiliyatini yuzaga chiqaradi, yaxshi inson bo‘lib voyaga yetishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining mehnati va mas’uliyati nihoyatda katta. Chunki bolaning maktab haqidagi dastlabki tasavvurlari aynan shu davrda shakllanadi. Shu munosabat bilan barcha ustoz va murabbiylarga yangi o‘quv yilida mustahkam sog‘lik, kuch-g‘ayrat, sabr-toqat va pedagogik faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Bugun maktabga ilk bor qadam qo‘ygan bolajonlar ertaga turli kasb va sohalarning yetuk mutaxassislari bo‘lib voyaga yetadilar. Ular orasidan shifokorlar, muhandislar, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, olimlar, jurnalistlar, huquqshunoslar va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan boshqa ko‘plab kasb egalari yetishib chiqadi. Shuning uchun bugun ularning ta’limiga, tarbiyasiga va kelajagiga berilayotgan e’tibor — aslida ertangi kunimizga berilayotgan e’tibordir. Farzandlarimizga yaratilayotgan sharoitlar, ularga berilayotgan ta’lim va tarbiya sifati qancha yuqori bo‘lsa, jamiyatimizning kelajagi ham shunchalik porloq bo‘ladi. Maktab hovlisida yangragan ilk qo‘ng‘iroq sadolari yangi o‘quv yilining boshlanganidan darak berdi. Bu qo‘ng‘iroq kim uchundir maktab hayotining ilk boshlanishi bo‘lsa, kim uchundir yangi sinf, yangi fanlar va yangi maqsadlar sari qadamdir. Ammo uning mazmuni bitta — ilm olish, izlanish va kelajak sari intilish. Toshkent viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi jamoasi nomidan Nurafshon shahridagi barcha o‘quvchilarni, ayniqsa, 1-sinfga ilk bor qadam qo‘ygan jajji o‘g‘il-qizlarni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etamiz. Maktabdagi har bir kuningiz quvonchli va mazmunli o‘tsin. Ustozlaringizdan olgan bilimlaringiz kelajakdagi katta orzularingiz uchun mustahkam poydevor bo‘lsin. Ota-onalar esa farzandlarining har bir yutug‘idan faxrlanib, ularning kamolini ko‘rib baxtiyor bo‘lsinlar. Yangi o‘quv yili barchamizga omadli va barakali kelsin! Birinchi qo‘ng‘iroq muborak bo‘lsin!
Toshkent viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi Matbuot xizmati

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening