ONLAYN SAVDODA NIMALARGA E’TIBOR QARATISH KERAK?
Bugungi kunda internet orqali savdo qilish kundan-kunga ommalashib bormoqda. Telefon ilovalari, ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlar orqali mahsulot sotib olish qulay, tez va zamonaviy usul hisoblanadi.
Ammo onlayn xarid jarayonida iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va ehtiyotkor bo‘lishi muhimdir.
Onlayn xarid qilishda quyidagilarga e’tibor qarating:
1. Sotuvchining ishonchliligini tekshiring.
Xarid qilishdan oldin internet-do‘kon yoki sotuvchi haqida ma’lumot oling. Rasmiy veb-sayti, manzili, aloqa raqamlari, mijozlar fikri va reytinglariga e’tibor bering.
2. Tovar haqida to‘liq ma’lumot oling.
Iste’molchi mahsulot nomi, xususiyatlari, ishlab chiqaruvchisi, narxi, qo‘shimcha to‘lovlar, kafolat muddati va foydalanish qoidalari haqida aniq ma’lumot olish huquqiga ega.
Agar mahsulot haqida yetarli ma’lumot berilmagan bo‘lsa, bunday xariddan voz kechish tavsiya etiladi.
3. Oferta va shartlarga e’tibor bering.
Onlayn xaridda to‘lov tartibi, yetkazib berish muddati, mahsulotni qaytarish yoki almashtirish shartlari bilan oldindan tanishib chiqing.
4. Tovarni qaytarish yoki almashtirish huquqingiz bor.
Agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa, tavsifga mos kelmasa yoki buzilgan holatda yetkazib berilsa, iste’molchi uni qaytarish yoki almashtirishni talab qilish huquqiga ega.
5. To‘lov xavfsizligiga rioya qiling.
Faqat ishonchli platformalar orqali to‘lov qiling. Bank kartangizning maxfiy ma’lumotlarini hech kimga bermang va shubhali havolalarga kirmang.
6. Elektron hujjatlarni saqlab qo‘ying.
Elektron chek, buyurtma raqami, to‘lov tasdig‘i va yozishmalarni saqlab qo‘yish zarur. Ular nizo yuzaga kelganda muhim dalil hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni onlayn savdoda ham iste’molchi huquqlarini kafolatlaydi.
Onlayn savdoda nimalarga e’tibor qaratish kerak
- Информация о материале
- Автор: Namangan viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 16
























