O‘rta Chirchiq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan hududdagi 38-sonli umumta’lim maktabida uyda yakka tartibda ta’lim (YTT) olayotgan o‘quvchilar holatini o‘rganish maqsadida monitoring ishlari tashkil etildi.
Mazkur monitoringdan ko‘zlangan asosiy maqsad – uy sharoitida ta’lim olayotgan o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, ularning bilim olish darajasi hamda o‘qitish jarayonining sifatini tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida YTT asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, o‘qituvchilar tomonidan darslar o‘z vaqtida va sifatli olib borilayotgani, o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, har bir o‘quvchining individual ehtiyojlari, sog‘ligi va o‘qishga bo‘lgan munosabati ham alohida e’tiborga olindi.
Monitoring davomida o‘quvchilarning ota-onalari bilan yaqindan suhbatlar o‘tkazilib, farzandlarining ta’lim olish jarayonida duch kelayotgan muammolar, mavjud kamchiliklar hamda takliflar o‘rganildi. Ota-onalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida ta’lim sifatini yanada yaxshilash yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, o‘quvchilarning darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanganlik darajasi ham o‘rganilib, ayrim kamchiliklar aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat xodimlari tomonidan uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning umumiy ta’lim jarayonidan ortda qolib ketmasligi, ularning huquq va manfaatlari to‘liq ta’minlanishi hamda sifatli bilim olishi doimiy nazoratda ekani ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, bunday monitoring tadbirlari orqali nafaqat mavjud holat o‘rganiladi, balki ta’lim tizimidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, o‘quvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyati yuzaga keladi.
Kelgusida ham bu kabi o‘rganish ishlari tizimli ravishda davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O‘rta Chirchiq tumanida uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ta’lim jarayoni o‘rganildi
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 6
























