Qumqo‘rg‘on tumanida iste’molchining kredit asosida amalga oshirilgan xarid bilan bog‘liq murojaati o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qumqo‘rg‘on tumani Do‘stlik mahallasi Xamza ko‘chasida yashovchi fuqaro N.Y. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoni hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib, “Ishonch” do‘konidan xarid qilingan mahsulot bo‘yicha to‘lovlar bilan bog‘liq e’tirozini bildirgan.
Murojaatda fuqaro “Ishonch” savdo do‘konidan 6 000 000 so‘m qiymatidagi tilla buyum xarid qilgani, biroq keyinchalik to‘lov hisob-kitoblarida qo‘shimcha 4 000 000 so‘m miqdorida mablag‘ hisoblanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, ushbu mablag‘lar uning pensiya tushadigan plastik kartasidan yechib olinayotganidan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat belgilangan tartibda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimi orqali Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasiga, so‘ngra Qumqo‘rg‘on tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga o‘rganish uchun yuborildi.
Qumqo‘rg‘on tuman jamiyati xodimlari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida fuqaroning vajlari, “Ishonch” do‘koni bilan bog‘liq savdo munosabatlari, kredit asosidagi to‘lovlar, plastik karta orqali yechilgan mablag‘lar hamda mavjud hujjatlar tahlil qilindi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan mas’ul tomonlar bilan muloqot o‘tkazilib, iste’molchining qonuniy huquqlari, shartnoma shartlari, to‘lovlarning asoslanganligi hamda iste’molchidan ortiqcha mablag‘ undirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, murojaatda ko‘rsatilgan masala iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi. Fuqaro N.Y.ning murojaati qanoatlantirilib, to‘lovlar bilan bog‘liq muammo bartaraf etildi.
Mazkur holat kredit asosida mahsulot xarid qilishda shartnoma shartlari, umumiy to‘lov summasi, foizlar, qo‘shimcha to‘lovlar, oylik to‘lov jadvali hamda plastik kartadan yechilayotgan mablag‘larni doimiy nazorat qilib borish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi. Ayniqsa, pensiya yoki ish haqi tushadigan plastik kartadan avtomatik yechimlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, iste’molchi har bir operatsiyani tekshirib borishi lozim.
Agar xarid jarayonida kelishilgan narxdan ortiqcha mablag‘ hisoblangan bo‘lsa, shartnoma shartlari noto‘g‘ri qo‘llanilsa yoki iste’molchining roziligisiz qo‘shimcha mablag‘ yechib olinsa, fuqaro belgilangan tartibda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Qumqo‘rg‘on tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning og‘zaki, yozma va elektron murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























