Yodingizda bo‘lsa, yaqinda kanalimizda Berdoq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga qarashli (davlat-xususiy sheriklik asosidagi) talabalar yotoqxonasidagi achinarli antisanitariya holati, xavfsizlik sharoitlarining yo‘qligi va noqonuniy pulli hisob-kitoblar haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Ushbu manzillar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi. Yotoqxona uchun mas’ul bo‘lgan "ARGONYA" MChJ tomonidan tanqidiy maqolamizda ko‘rsatilgan kamchiliklar qat’iy nazoratga olinib, qisqa muddat ichida quyidagi ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilganligi ma’lum qilindi:
🛠 Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha qilingan ishlar: Talabalar yotoqxonasining ichki yashash xonalari, oshxona, hojatxona va yuvinish xonalarida to‘liq tozalash ishlari olib borildi. Siniq kranlar (smesitellar) almashtirilib, sanitariya qoidalari me’yorlariga muvofiqlashtirildi.
Chiqindilarni olib chiqish: Yotoqxona hududidagi chiqindi tashlash joylari tozalandi va bu bo‘yicha chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish uchun shartnomalar asosida ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Hujjatlarni rasmiylashtirish: Talabalar bilan tuziladigan ijara shartnomalarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish ishlari boshlandi.
Xavfsizlik choralari: Yong‘in xavfsizligi, tibbiy yordam qutichalari (aptechkalar) va boshqa ham kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
O‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan, murojaatda ko‘rsatilgan xatoliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish masalasi nazoratga olindi.
📌 Kanalimiz tomonidan: Talabalarning ehtiyojlarini e’tiborsiz qoldirmasdan, qisqa muddatda munosabat bildirgan va kamchiliklarni bartaraf etishga kirishgan "ARGONYA" MChJ va universitetga minnatdorchilik bildiramiz. Kamchiliklarning to‘liq bartaraf etilishi universitet tomonidan belgilangan muddatlarda ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Biz bu masalaga talaba yoshlarimiz yozgi ta’tildan qaytganidan so‘ng yana qaytamiz va boshqa oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonalarini ham o‘rganib, talabalar hayotini yoritib boramiz, bizni kuzatishda davom eting.
Yoshlarimizning qulay sharoitda bilim olishi — barchamiz uchun ahamiyatli!
























