Sariosiyo tumanida pochta xizmati va xizmat ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelgan holat bilan bog‘liq iste’molchi murojaati o‘rganilib, masalaga belgilangan tartibda huquqiy yondashildi.
Sariosiyo tumani Afrosiyob mahallasida yashovchi fuqaro R.S. tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki murojaat qilib, elektron pochta orqali kelgan jo‘natmani olish jarayonida yuzaga kelgan tushunmovchilik hamda xizmat ko‘rsatuvchi shaxsning muomalasidan noroziligini bildirgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro elektron pochta orqali kelgan jo‘natmani olish maqsadida tegishli joyga borgan. Biroq xizmat ko‘rsatish jarayonida tomonlar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelib, telefon orqali ham tortishuv sodir bo‘lgan. Mazkur holat fuqaroning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib, u masalani qonuniy tartibda o‘rganish va tegishli choralar ko‘rishda amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaroning bildirgan murojaati Sariosiyo tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, mas’ul xodimlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida murojaatchining vajlari, jo‘natmani olish bilan bog‘liq vaziyat, xizmat ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelgan tushunmovchilik hamda tomonlar o‘rtasidagi muloqot holati atroflicha ko‘rib chiqildi, holat yuzasidan zarur tushuntirishlar olindi.
Jamiyat xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchilar bilan xushmuomala bo‘lish, murojaatlarga mas’uliyat bilan yondashish, iste’molchiga xizmat yuzasidan zarur va tushunarli ma’lumot berish muhimligi tushuntirildi.
Olib borilgan o‘rganishlar yakunida yuzaga kelgan holat bo‘yicha tegishli tushuntirish ishlari olib borildi. Murojaatchiga o‘rganish natijalari yuzasidan rasmiy javob xati taqdim etilib, uning yuqori turuvchi tashkilotlarga yoki sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi ham tushuntirildi.
Mazkur holat xizmat ko‘rsatish sohasida nafaqat xizmatning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, balki iste’molchilar bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, muomala madaniyatiga rioya qilish ham muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Har bir iste’molchi xizmatdan foydalanish jarayonida o‘ziga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘linishi, xizmat haqida to‘liq va tushunarli ma’lumot olishi hamda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishini talab qilish huquqiga ega.
Sariosiyo tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning og‘zaki va yozma murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























