Reklama va va’dalarga aldanmang: nodavlat ta’lim xizmatlaridan foydalanishda iste’molchi huquqlari e’tiborda
Bugungi kunda nodavlat ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Turli o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari tomonidan xorijiy tillar, kasbiy ko‘nikmalar, IT va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab xizmatlar taklif etilmoqda. Biroq ta’lim xizmatini tanlashda faqat jozibador reklama va balandparvoz va’dalarga ishonib qolish iste’molchini turli muammolarga duchor qilishi mumkin.
Shu sababli Samarqand viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi hamda Raqobat qo‘mitasi tomonidan nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida iste’molchilar murojaatlari yuzasidan tizimli monitoring va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Tahlillar natijasida 2024–2026-yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi “NEWTON ACADEMY”, “MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi, “Prep.uz” onlayn rus tili kursi, “Badavlat ayol” loyihasi, “Qadam Education” o‘quv markazi, “Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”, “Interno Edu” MChJ, “Englify” MChJ, “Niyat Education”, “Sevenedu” onlayn til markazi kabi o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari faoliyatiga taalluqli ekani aniqlangan.
Murojaatlarni o‘rganish davomida ayrim hollarda ta’lim xizmatlari sifati iste’molchilarni qoniqtirmayotgani, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilayotgani, shartnoma shartlari hamda to‘lovni qaytarish tartibi haqida yetarli ma’lumot berilmayotgani kabi holatlar kuzatilgan.
Shuningdek, “Uzum Nasiya”, “Shaffof Moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada va’da qilingan ayrim shartlar amalda bajarilmayotgani haqida ham iste’molchilar tomonidan e’tirozlar bildirilgan.
Shu o‘rinda iste’molchilarga muhim tavsiya: reklama — har doim ham xizmatning real natijasini anglatmaydi. “100 foiz natija”, “kafolatlangan daromad”, “qisqa muddatda mutaxassis bo‘lasiz” kabi jozibador va’dalarga shoshilmasdan, avvalo xizmat ko‘rsatuvchining faoliyati va obro‘sini o‘rganish lozim.
O‘quv markazini tanlashdan oldin uning faoliyati, litsenziyasi va zarur ruxsatnomalari mavjudligini tekshirish, shartnoma shartlarini, ayniqsa to‘lov va pul mablag‘larini qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganish kerak. Shartnomani imzolash yoki onlayn tasdiqlashdan oldin barcha shartlarni tushunib olish, to‘lovni amalga oshirishga esa aslo shoshilmaslik lozim.
Imkon qadar ochiq manbalardagi foydalanuvchilar fikrlarini o‘rganish, sinov darslarida qatnashish, oflayn ta’lim beriladigan joyni ko‘zdan kechirish maqsadga muvofiq. Internetdagi chiroyli videolar, mashhur blogerlarning tavsiyalari yoki katta chegirmalar iste’molchini qaror qabul qilishga majbur qilmasligi kerak.
Unutmang: chegirma — sifat kafolati emas, reklamadagi va’da esa shartnoma o‘rnini bosa olmaydi.
Ta’lim xizmatlaridan foydalanishda iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va moliyaviy majburiyatlarini anglagan holda qaror qabul qilishi muhim. Ta’lim olish istagidan foydalanib, iste’molchini chalg‘ituvchi reklama va va’dalarga aldanib qolmaslik har bir fuqaroning e’tiborida bo‘lishi lozim.
Tashkilot nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi subyektlarni amaldagi qonunchilik, litsenziya talablari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqiradi. Qonunchilik talablarini buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Hurmatli iste’molchilar! Agar siz ham nodavlat ta’lim xizmatlaridan foydalanish jarayonida huquqlaringiz buzilganiga duch kelsangiz, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining ishonch telefonlariga murojaat qiling.
Murojaatingiz e’tiborsiz qolmaydi!
Reklamaga emas, avvalo fakt va shartnomaga ishoning. Huquqingizni biling va uni himoya qiling!
Reklama va va’dalarga aldanmang:
- Информация о материале
- Автор: Samarqand viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 8
























