Angor tumanida avtomobil ehtiyot qismlari xaridi bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Angor tumani O‘zbekiston mahallasida yashovchi fuqaro Ch.Ch. avtomashinasi uchun tumandagi savdo do‘konidan 4 dona “Kormetal” avto diskasi hamda “Wanda” rusumli avto shinalarini xarid qilgan. Mahsulotlar 3 oy davomida bo‘lib to‘lash sharti asosida rasmiylashtirilgan bo‘lib, dastlabki kelishuvga ko‘ra xarid qiymati 4 099 437 so‘mni tashkil etgan.
Biroq fuqaro shartnoma hujjatlarini xonadonida ko‘zdan kechirish jarayonida to‘lov summasi 4 265 800 so‘m etib ko‘rsatilgani, shuningdek, xarid qilingan mahsulotlar nomi va ma’lumotlari hujjatda noto‘g‘ri aks ettirilganini aniqlagan. Ushbu holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Fuqaro mazkur masalani joyida hal etish maqsadida savdo do‘koni xodimlariga murojaat qilib, shartnomadagi xatoliklarni bartaraf etish va uni qaytadan to‘g‘ri rasmiylashtirishni so‘ragan. Ammo do‘kon xodimlari shartnoma allaqachon imzolanganini vaj qilib, iste’molchining talabini qanoatlantirishdan bosh tortgan.
Shundan so‘ng fuqaro amaliy yordam so‘rab Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, tuzilgan shartnoma shartlari, xarid qilingan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar hamda to‘lov summasi bilan bog‘liq holatlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jamiyat xodimlari tomonidan savdo do‘koni mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazilib, iste’molchining qonuniy talablari, shartnoma hujjatlarida mahsulot nomi, miqdori, narxi va to‘lov shartlari aniq hamda to‘g‘ri ko‘rsatilishi lozimligi tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish va amaliy choralar natijasida avval tuzilgan shartnomalar bekor qilindi. Fuqaro tomonidan xarid qilingan mahsulotlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilib, iste’molchi manfaatlariga mos ravishda yangi shartnoma qayta rasmiylashtirildi.
Shu tariqa, iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning qonuniy talabi qanoatlantirildi. Mazkur holat bo‘lib to‘lash asosida mahsulot xarid qilishda har bir iste’molchi shartnoma shartlariga alohida e’tibor qaratishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Ayniqsa, muddatli to‘lov asosida avtomobil ehtiyot qismlari, maishiy texnika yoki boshqa tovarlar xarid qilinayotganda mahsulot nomi, soni, narxi, umumiy to‘lov summasi, bo‘lib to‘lash muddati, qo‘shimcha to‘lovlar va tomonlarning majburiyatlari shartnomada aniq aks ettirilgan bo‘lishi muhimdir. Shartnomani imzolashdan avval uni diqqat bilan o‘qib chiqish, tushunarsiz bandlar yuzasidan izoh so‘rash va xatolik aniqlansa, uni darhol tuzatishni talab qilish iste’molchining qonuniy huquqidir.
Agar shartnomada mahsulot noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa, to‘lov summasi kelishilgan narxdan farq qilsa yoki sotuvchi iste’molchining asosli talabini bajarmasa, fuqaro belgilangan tartibda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishi mumkin.
Angor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni qonuniy tartibda hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























