Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish va yuzaga kelgan muammolarga amaliy yechim topish muhim ahamiyat kasb etadi. Asaka tumanida kuzatilgan mazkur holat ham ana shunday e’tibor va mas’uliyatning amaliy ifodasidir.
Xonadon uchun xarid qilingan yangi muzlatkich oddiy maishiy texnika emas, balki kundalik hayotda zarur bo‘lgan buyumlardan biridir. Shu sababli uning xaridorga soz, but va nuqsonsiz holda yetkazib berilishi iste’molchi ishonchini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Biroq Asaka tumanida istiqomat qiluvchi Xomidov Azizbek Kozimjon o‘g‘lining xaridida kutilmagan holat yuzaga kelgan.
U 25-iyul kuni Asaka tumani “Baraka” MFY, Umid ko‘chasi, 91-uyda joylashgan “IDEA” savdo do‘konidan “Samsung” rusumli muzlatkich xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan va mahsulot 26-iyul kuni xonadoniga yetkazib berilgan. Yetkazib berish vaqtida iste’molchining o‘zi bo‘lmagani hamda muzlatkich qadog‘i ochilib, tashqi holati tekshirilmagani sababli keyinchalik uning tashqi qismida shikastlanish borligi aniqlangan. Iste’molchi mazkur masala yuzasidan savdo do‘koniga murojaat qilgan bo‘lsa-da, dastlab muammo ijobiy yechim topmagan.
Shundan so‘ng fuqaro 2026-yil 11-avgust kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining ishonch telefoniga 26164/26-son bilan murojaat qilib, o‘z huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘ragan. Murojaat Asaka tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida 2026-yil 25-avgust kuni “IDEA” savdo do‘koni tomonidan iste’molchining murojaatida ko‘tarilgan masala ijobiy hal etildi.
Mazkur holat iste’molchi huquqlarini himoya qilish nafaqat muammoni bartaraf etish, balki xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda ham muhim ekanini ko‘rsatadi. Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan inson manfaatlari, qonuniylik va adolat tamoyillariga asoslangan bunday amaliy ishlar jamiyatimizda huquqiy madaniyat va mas’uliyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
























