Sho‘rchi tumanida avtomobilga quyilgan gaz sifati bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sho‘rchi tumani Shaldiroq mahallasida yashovchi fuqaro S.Y. tumandagi xususiy korxonaga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasidan 130 000 so‘mga propan gaz sotib olgan. Biroq iste’molchining ta’kidlashicha, xarid qilingan gaz sifatsiz bo‘lgani sababli avtomobilida nosozlik yuzaga kelgan.
Mazkur holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqaro avtomashinasini ustaga ko‘rsatishga majbur bo‘lgan va ta’mirlash ishlari uchun qo‘shimcha 150 000 so‘m xarajat qilgan. Shundan so‘ng u yetkazilgan moddiy zararni qoplashda amaliy yordam so‘rab Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi. O‘rganish jarayonida murojaatchining vajlari, gaz quyish shoxobchasi faoliyati, xarid qilingan mahsulot sifati hamda avtomashinaga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq holatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Holatni o‘rganishda tuman jamiyati mas’ul xodimi, xususiy korxona vakili hamda murojaatchi ishtirok etdi. Tomonlar ishtirokida olib borilgan suhbat va o‘rganishlar davomida iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan holatlar asosli ekani aniqlanib, masalani qonuniy tartibda hal etish choralari ko‘rildi.
Jamiyat xodimlari tomonidan tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli va xavfsiz mahsulot sotib olish huquqi hamda sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi subyektning iste’molchi oldidagi majburiyatlari tushuntirildi.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida fuqaro tomonidan xarid qilingan 130 000 so‘mlik propan gaz uchun to‘langan mablag‘ hamda avtomashinani ta’mirlash uchun sarflangan 150 000 so‘m xarajat xususiy korxona tomonidan to‘liq qoplab berildi.
Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning buzilgan huquqi tiklandi. Fuqaroga jami 280 000 so‘m miqdoridagi moddiy zarar qoplab berildi.
Mazkur holat har bir iste’molchi mahsulot yoki xizmatdan foydalanishda sifat, xavfsizlik va qonuniy kafolatlarga e’tibor qaratishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi. Ayniqsa, avtomobillarga yoqilg‘i quyish xizmatlarida mahsulot sifati bevosita transport vositasining texnik holati va iste’molchining moliyaviy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Agar iste’molchi xarid qilgan mahsulot sifatsiz bo‘lsa yoki xizmat ko‘rsatish natijasida unga moddiy zarar yetkazilsa, u belgilangan tartibda murojaat qilib, to‘langan mablag‘ni qaytarish, yetkazilgan zararni qoplash yoki boshqa qonuniy talablarni qo‘yish huquqiga ega.
Sho‘rchi tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni qonuniy hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi? 1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























