Gurlan tumani Sovunchi mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro E.D. tomonidan Gurlan tumani Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat kelib tushdi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2025-yil fevral oyida Gurlan tumani Ma'rifat mahallasida joylashgan avtomobillarni ta'mirlash ustaxonasida faoliyat yurituvchi ustaga transport vositasining kuzov qismini ta'mirlash va bo'yash ishlari uchun 5 000 000 (besh million) soʻm haq toʻlagan.
Biroq, oradan ma'lum vaqt o'tgach, avtomobil kuzovida bajarilgan lak-boʻyoq qoplamasi sifat talablariga javob bermasligi, ya'ni bo'yalgan sirtlarda dogʻ va nuqsonlar paydo boʻlgani aniqlangan. Iste'molchi ushbu kamchiliklarni bartaraf etishni soʻrab ustaga murojaat qilgan bo'lsa-da, xizmat ko'rsatuvchi shaxs nuqsonlarni bepul bartaraf etishdan bosh tortgan.
Mazkur murojaat Gurlan tumani Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunchilik talablari asosida o'rganilib, tomonlar ishtirokida tushuntirish ishlari olib borildi.
Koʻrilgan huquqiy choralar natijasida xizmat ko'rsatuvchi tomonidan iste'molchiga 1 500 000 (bir million besh yuz ming) soʻm pul mablagʻi qaytarildi. Mazkur mablagʻ evaziga avtomobilning nuqsonli lak-boʻyoq qoplamasi qayta sifatli tarzda tiklanib, iste'molchining qonuniy manfaatlari ta'minlandi.
Gurlan tumani Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarini izchil davom ettirmoqda.
























