Iste’mol bozorida sotilayotgan tovarlarning sifati, ularning belgilangan vazifani to‘laqonli bajarishi hamda mahsulotda nuqson aniqlangan taqdirda iste’molchining qonuniy talablariga o‘z vaqtida munosabat bildirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, kundalik turmushda foydalaniladigan maishiy texnika va uning ehtiyot qismlarini xarid qilish jarayonida mahsulot sifati bilan bog‘liq muammolar iste’molchiga moddiy zarar va qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Boysun tumanida kuzatilgan holat ham aynan shunday masala bilan bog‘liq bo‘ldi. Boysun tumani “Poygaboshi” mahallasida istiqomat qiluvchi iste’molchi tuman hududidagi maishiy texnika savdo do‘konidan 450 ming so‘mga changyutgich motori xarid qilgan. Biroq mahsulotdan foydalanish jarayonida motor nosoz ekani ma’lum bo‘lgan.
Iste’molchi nuqsonli mahsulot yuzasidan savdo do‘koni xodimiga murojaat qilib, masalani hal etish hamda mahsulotni qaytarib olish choralarini ko‘rishni so‘ragan. Ammo uning qonuniy talabi tegishli darajada ko‘rib chiqilmagan.
Mazkur holat iste’molchining qonuniy talabiga befarq munosabatda bo‘lish muammoni bartaraf etmasligi, aksincha, iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi nizoning chuqurlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng masala Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi. Jamiyat mutaxassislari xarid qilingan mahsulotning sifati va iste’molchining talablarini atroflicha tahlil qilib, tomonlarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berdi.
O‘rganish natijasida iste’molchiga nuqsonli changyutgich motorini sifatli mahsulotga almashtirish yoki mahsulot uchun to‘langan 450 ming so‘m mablag‘ni qaytarib olish huquqiga ega ekani tushuntirildi.
Shuningdek, savdo do‘koni vakillariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablari hamda sifatsiz mahsulot sotilgan holatlarda iste’molchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Muammo faqat 450 ming so‘mda emas
Mazkur holatni tahliliy jihatdan baholaganda, masala faqatgina 450 ming so‘mlik mahsulot qiymati bilan cheklanmasligini ko‘rish mumkin. Asosiy masala — iste’molchining o‘z qonuniy huquqini talab qilishi va mazkur talabning savdo subyekti tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishidir.
Amaliyotda ayrim iste’molchilar sifatsiz mahsulot xarid qilgan taqdirda qayerga va qanday tartibda murojaat qilishni bilmagani sababli o‘z zarariga ko‘nib qolishi mumkin. Ayrim savdo subyektlari tomonidan esa iste’molchining talabi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasligi holatlari uchrab turadi.
Vaholanki, iste’molchi xarid qilgan mahsulotning sifatli, foydalanishga yaroqli va belgilangan vazifani to‘laqonli bajaradigan holatda bo‘lishini talab qilishga haqli.
Shu bois har bir sotuvchi iste’molchining e’tiroz va talablariga mas’uliyat bilan yondashishi, nuqsonli mahsulot bilan bog‘liq masalalarni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqishi zarur.
Boysun tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan mazkur holatning o‘rganilishi iste’molchining qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda masalani huquqiy yechimga yo‘naltirishga xizmat qildi.
Iste’molchi o‘z huquqini bilishi va uni qonuniy tartibda talab qilishi — uning manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim omillaridan biridir. Iste’molchi manfaati doimo ustuvor.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
☎️ 1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























